Xususan, umumtaʼlim maktablari rahbarlarining bu borada qilmishini qanday izohlash mumkin?

Qoʻqon shahridagi 41-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Gullola Qodirova hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Doniyor Temirbayev ishonib topshirilgan vazifani sidqidildan bajarish oʻrniga nafs kuyiga uchdi. Ular pora beruvchi ota-onalarning farzandlarini maktabning 1-sinfiga qabul qilish maqsadida jinoiy reja tuzishgan. D.Temirbayev 2020-yil 17-avgust kuni D. Tadjiyevaning farzandini 1-sinfga qabul qilish evaziga S. Meliboyev orqali pora tariqasida 150 AQSH dollari berishni talab qiladi. Bundan tashqari, G.Irgashevaning farzandini maktabga qabul qilish uchun 100 AQSH dollari va 300 000 soʻmni pora tariqasida olganda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirda ushlangan.

Maktab direktori Sh.Qodirova oʻzining oʻrinbosari D.Temirbayev orqali berilgan pullarni pora tariqasida olganda qoʻlga olindi. Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudi tomonidan mazkur ish koʻrib chiqilib, G.Qodirovaga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan JKning 45-moddasini qoʻllab, 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlaridan ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat Kodeksining 72-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 3 yil sinov muddati belgilandi. D.Temirbayevga esa 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olindi.

Rishton tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri I.Mirzarahimova va kadrlar boʻlimi mutaxassisi A.Vohidovlar 77 nafar oʻqituvchining malaka toifasi muddati oʻtgan boʻlsada, qalbaki hujjatlar asosida malaka belgilab, tarifikatsiya qilishi, ustama haqlarini noqonuniy toʻlashi va boshqa suiisteʼmolliklari oqibatida 414 million soʻm byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingan. Quva tuman xalq taʼlimi boʻlimi kadrlar boʻlimi nazoratchisi X.Bozorbayev 62-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi direktor oʻrinbosari M.Nazarov bilan oldindan til biriktirib, 3 nafar oʻqituvchilarni malaka toifasi olish attestatsiyasidan oʻtkazishni vaʼda qilgan. 37-umumtaʼlim maktabi oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari N.Nishonov bilan oldindan til biriktirib, 6 nafar oʻqituvchilarni malaka toifasi olish attestatsiyasidan oʻtkazishni vaʼda qilib, 1 million 800 ming soʻm pullarni pora tariqasida olgan.

Qoʻqon shahridagi 8-sonli maktab direktori F.Djabbarova fuqaro N.Nabiyevani maktabga yarim stavkaga kutubxonachi va 0,2 stavka laborant vazifasiga ishga qabul qilishi evaziga 100 AQSH dollari va 850 ming soʻm, Margʻilon shahridagi 31-sonli maktab direktori vazifasini bajaruvchi A.Dadaxonov fuqaro D.Jalolovni texnik lavozimga tayinlash evaziga 150 AQSH dollari olayotgan vaqtda ushlangan.