Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Alisher Navoiy” hamda “Qoracha” mahallalarida joylashgan 14- va 19-umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi oʻquvchilar hamda mahalladagi yoshlar uchun “Harbiy-vatanparvarlik” sinf xonalari barpo etilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Oʻquv sinflari okrug harbiy xizmatchilari tomonidan yangicha koʻrinishga keltirilib, moddiy bazasi yangilandi. Buyuk sarkardalarimiz, taraqqiyot strategiyasi va boshqa qiziqarli maʼlumotlar aks etgan “Vatan aziz, jasorat mangu!” va “Maktabimiz faxri” kabi burchaklar barpo etildi.

Mazkur sinf xonalarida faxriylar va harbiy xizmatchilar oʻquvchilarga ilk jasorat darslarini oʻtkazib, ushbu imkoniyatlardan birgina oʻquvchi emas, balki mahalladagi barcha yoshlar unumli foydalanishi mumkinligini taʼkidlashdi, oʻquv sinflarida mashgʻulotlarni tashkil etish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi.

Tadbir yakunida mahallalardagi aholi va yoshlar uchun qoʻl jangi va faxriy qorovul chiqishlari, zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi hamda harbiy orkestr jamoasining konsert dasturi namoyish etildi.