Oʻtgan yilning 25-dekabr kuni poytaxtimizda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston yoshlari forumida davlatimiz rahbari bu xususda yana bir soʻz yuritib, jumladan, shunday dedi: “Bugun oʻgʻil-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri — oʻqishni tamomlagan yoshlar bandligini taʼminlashdir. Koʻplab maktab va kollej bitiruvchilari, baʼzan oliy maʼlumotli yigit-qizlar ham ish topishda qiyinchilikka uchramoqdalar”.

Shu yilning 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish hamda ular bandligini taʼminlash borasida muhim tavsiya va topshiriqlar berildi. Yigʻilishda yurtimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod ekani qayd etilgani holda bu — aholining qariyb 55 foizini tashkil etishi taʼkidlandi. Shu asosda yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangicha tizimni joriy etish zarurligi qayd etildi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan tadbirlardan biri Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida oʻtkazildi. Oliy taʼlim muassasasi tomonidan bu yilgi bitiruvchilarni oʻz ixtisosligi boʻyicha ishga joylashtirish maqsadida “Yoshlar — Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar oʻrtasida tashkil etilgan uchrashuv oʻziga xos ahamiyat kasb etdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini bu yil 462 nafar talaba bitiradi. Oʻtgan yili oliy taʼlim muassasasini tamomlagan ikki nafarga yaqin bakalavr va magistrni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida yuzdan ortiq ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bu yilgi tadbirda oʻttizdan ortiq ish beruvchi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ikki yuzga yaqin boʻsh ish oʻrni bilan ishtirok etdi.

— Bugun yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarga havas qilsa arziydi. Ularni ishga joylashtirish masalasi ham davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Ushbu tadbirda respublikamizning eng nufuzli tashkilotlari ish beruvchi sifatida ishtirok etayotgani fikrimiz isbotidir. Yoshlarni oʻzlari qiziqqan va tanlagan ixtisosliklari boʻyicha ishga joylashtirish muhim masala hisoblanadi. Sir emaski, dunyo miqyosida ham yoshlarni ishga joylash dolzarb masala, ammo yurtimizda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etish oʻrinlidir, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov. — Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilarining salohiyati, malakasi yuqori boʻlishi zarur. Zero, yurtimizda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida ajdodlarimiz yozib qoldirgan yuz mingdan ziyod qoʻlyozma, nodir kitoblar mavjud. Ularni oʻrganish, tadqiq etish, xalqimizga yetkazish zarur. Buning uchun esa bilimli, salohiyatli yoshlarga ehtiyoj baland.

Ayni paytda yurtimizda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilmoqda. Milliy anʼanalarimizni hurmat qilgan, sadoqatli, oʻz kasbiga vijdonan yondashadigan, insoniylik fazilatlari yuqori darajada boʻlgan, bilimli yoshlar bilangina Uchinchi Renessansni qura olamiz.

Bugungi davr talablari kechagi kun mezonlaridan butkul farq qiladi. Hozir zamonaviy fikrlaydigan, eng soʻnggi yangiliklar bilan hamnafas yashaydigan, kun sayin dunyoqarashini boyitib boradigan kadrlarni tayyorlashga ehtiyoj oshib bormoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, oliy taʼlim tizimi zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi. Yoshlarning malakali kadr boʻlib shakllanishida oliy taʼlim muassasalarida zamonaviy metodlar yordamida berilgan taʼlim va ular uchun yaratilgan sharoitlarning ahamiyati yuqori sanaladi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, zamon talablariga javob beradigan, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

— Bugungi mehnat yarmarkasi akademiyada ustozlarimiz bergan saboqlarni amaliyotda tatbiq etib, jamiyatimizga kerakli kadr boʻlib yetishishda muhim ahamiyatga ega. Tahsil davomida milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan darslarda kerakli bilimlarni egalladik. Har bir semestr yakunida umumtaʼlim maktablari, davlat tashkilotlarida amaliyot oʻtadik. Bu davr mobaynida akademiyada olgan nazariy bilimlarimizni amaliyotda qoʻllashga intildik, — dedi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchi kurs talabasi Azimjon Abdullayev. — Boshqa oliy taʼlim muassasalaridan farqli ravishda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida islom huquqi, ijtimoiy hayot va din fanlari, dinshunoslik fanlari oʻqitiladi. Mehnat yarmarkasi orqali akademiyada olgan bilimlarimizni amaliyot qoʻllash uchun ish oʻrniga ega boʻlaman deb oʻylayman. Bu orqali jamiyat rivoji, aholi orasida huquqiy ong va madaniyatni shakllantirishga oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar natijasida boy ilmiy-tarixiy merosimizni oʻrganish va targʻib qilish ishlari yana-da jadallashdi. Shu bilan birga dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili, diniy-maʼrifiy soha faoliyati samaradorligini oshirish hamda malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishni talab etdi.

Tadbirda ish beruvchi rasmiy tashkilot vakillari bilan talabalar oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazildi. Yoshlar oʻz ixtisosliklari boʻyicha mavjud ish oʻrinlari yuzasidan mutasaddilarga murojaat qilib, ish beruvchi tashkilot haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Oʻz navbatida, bu yilgi bitiruvchilarning oʻz ixtisosligi boʻyicha nechogʻli bilim va koʻnikmaga egaligini aniqlash maqsadida ish beruvchi tashkilot vakillari ishtirokida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazildi. Tomonlar oʻrtasida talabalarni ishga joylashtirish boʻyicha maqsadli kelishuvlarga erishildi.