— Markazimizning tajribali mutaxassislari ikki kun davomida qarib 150 nafar bemorlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi. Ularga tashxis qoʻyilib, davolash boʻyicha tegishli tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirildi. Yaqin kelajakda barcha murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham viloyatda bajarishni tashkillashtirmoqchimiz, — deydi Bolalar milliy tibbiy markazining tibbiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Muzaffar Yuldashev. — Qariyb toʻrt yil ushbu viloyatda ishladim. Viloyat tibbiyot tizimining imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Viloyatda malakali bolalar shifokorlari bor. Ularning kasbiy mahoratini oshirib, murakkab jarrohlik amaliyotlari boʻyicha mahorat darslari oʻtkazamiz. Ishonchim komil, yaqin kelajakda Jizzaxda ham barcha murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati paydo boʻladi.

— Nevaramda tugʻma yurak nuqsoni bor, — deydi Forish tumani “Osmonsoy” MFY yashovchi Alibek Umarov. — Bugun Toshkentdan kelgan shifokorlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, Bolalar milliy tibbiy markazida jarrohlik amaliyoti oʻtkazishga tavsiya berdi. Endi elektron yoʻllanma olish uchun navbatga qoʻyaman. Navbatim kelsa, Toshkentda bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi.

Farhod NEʼMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri