Malayziya va Oʻzbekiston oʻrtasida ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

    Oʻzbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov va Malayziya Fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Ahmad Amzad bin Xoshim oʻrtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Malayziyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xendi Assan ham ishtirok etdi.

    Muzokaralar davomida Malayziya tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati, shuningdek, mamlakatimizda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratilgani, ishlab chiqarishga innovatsion gʻoyalar, loyihalar va texnologiyalarni tatbiq etish, shuningdek, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, olimlar va tadbirkorlar, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, sanoat va respublika iqtisodiyotining boshqa tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan atroflicha tanishtirildi.

    Malayziya fan, texnologiyalar va innovatsiya vaziri oʻrinbosari A. Xashim Kuala-Lumpur Toshkentni Markaziy Osiyodagi istiqbolli sherik sifatida koʻrishini bildirib, Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, innovatsion, taʼlim va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning erishilgan natijalarini mamnuniyat bilan qarshi olishini aytib oʻtdi. U shuningdek ilgʻor xorijiy tajribalar, jahon ilm-fani, ishlanmalari va texnologiyalarining zamonaviy yutuqlari asosida iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha sohalarini jadal innovatsion rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Malayziya hukumati dunyoda kuzatilayotgan globallashuv sharoitida tobora dolzarb boʻlib kelayotgan texnologik va innovatsion rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani qayd etildi.

    Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari A.Nazarov zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish sharoitida ikki tomonlama aloqalarni yana-da kengaytirish zarurligi toʻgʻrisida fikr bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston va Malayziyaning boy ilmiy salohiyati va inson kapitalini hisobga olgan holda, tomonlar sunʼiy intellekt, tibbiyot, farmatsevtika, nano- va biotexnologiyalar va boshqa sohalarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek istiqbolli startaplarni qoʻllab-quvvatlashda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi mumkin. Oʻz navbatida akseleratsiya dasturlari, biznes-inkubatorlar va texnoparklarni qoʻllab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

    Tomonlar Malayziya Milliy yadro energetikasi agentligi, Milliy nanotexnologiyalar markazi, Malayziya Milliy biotexnologiya instituti, shuningdek Malayziya Fan va texnologiyalar axborot markazi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga kelishdilar. Mazkur muassasalar bilan tajriba oʻrtoqlashish uchun videokonferensiyalar tashkil etish, shuningdek, qoʻshma ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish zarurati haqida fikr almashdilar.

    Malayziya Texnologiyalar parki va Malayziyaning Global innovatsiya va ijodiyot markazining respublikamiz texnoparklari va innovatsion markazlari bilan hamkorligini oʻrnatish, shuningdek pandemiyadan keyingi davrda Oʻzbekistonning yosh va istiqbolli vakillarini Malayziyaga biznes sohasida innovatsion gʻoyalarini takomillashtirish uchun yuborish orqali tajriba almashishga kelishildi.