Tadbirda Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universiteti (Albukhary International University), Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar va innovatsiya universiteti (APU), Limkokving universiteti (Limkokwing), Malayya universiteti (University of Malaya), Segi universiteti (Segi), Sayberdjaya universiteti (University of Cyberjaya), Xalqaro islom universiteti (IIUM) va boshqa oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar hamda ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan faol yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Tadbir chog'ida buyuk mutafakkir va she'riyat sultoni Navoiy hamda benazir shoir va sarkarda Bobur hayoti va ijodi haqida atroflicha fikr yuritilar ekan, ularning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o'rin egallashi ta'kidlandi.

Davra suhbati davomida tadbir ishtirokchilari 2022−2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda respublikamizda yoshlarga yaratilayotgan keng sharoitlar haqida ham o'zaro fikr almashildi.

 Uchrashuv doirasida vatandoshlarimizga o'zbek tili va adabiyotini yanada chuqur va mukammal o'rganishlari uchun elchixonada o'zbek madaniyati va adabiyoti burchagi mavjudligi hamda uning peshtaxtalaridan o'rin olgan adabiyot va davriy nashrlardan bemalol foydalanish imkoniyati yaratilgani ma'lum qilindi.

Shu bilan birga, davra suhbati chog'ida vatandoshlarimiz o'zlarini qiziqtirgan konsullik-huquqiy masalalariga doir savollariga ham batafsil javob oldi.