Intervyuda Prezidentimizning yagona maqsadi yangi Oʻzbekistonni tinch va farovon, keng imkoniyatlar mamlakatiga aylantirish ekani ochiq bayon etilgan. “Yangi Oʻzbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanib borayotgani bir necha jonli misollar orqali ochib berilgan. Oltita ustuvor vazifa toʻgʻrisida soʻz borgan. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼrifiy sohalarda qadam-baqadam amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalar, fan, taʼlim toʻgʻrisidagi qimmatli mulohazalar bildirilgan.
Kelajak uchun olib borilayotgan siyosat va tashabbuslar zamirida xalq manfaati, farovonligi, ijtimoiy, siyosiy himoyasi, xotin-qizlar, yoshlarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlar mujassamligi oʻz ifodasini topgan.
Shuningdek, yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. “Maʼlumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi gʻoyalarni dadil oʻrtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil boʻladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, sanʼat va sport sohasidagi isteʼdod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoit larni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, bizga hamma soha boʻyicha bilimli insonlar kerak. Ana shu maqsadda tashkil etilgan Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari bugun oʻnlab iqtidorli yoshlarni kashf etmoqda. Oʻtgan vaqt davomida taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, oxirgi yillarda oliy taʼlim muassasalari 141 taga yetkazilgani, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining filiallari ochilgani, “Yangi Oʻzbekiston universiteti” tashkil qilinganini faxr bilan tilga olish mumkin. Toʻrt yil oldin yurtimizda OTMlar soni 77 ta edi. Bundan toʻrt-besh yil oldin maktab bitiruvchilarining faqat 9 foizi oliy maʼlumotga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻlgan boʻlsa, hozir bu raqam 28 foizga yetdi.
Farzandlarimiz oliy taʼlim olishi uchun imkoniyatlar ikki barobar kengaydi. Kelgusida oliy taʼlim olish imkoniyatini 50 foizga yetkazish masalasi qoʻyilgan.
Taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor kelajakka kiritilayotgan investitsiyadir. Biz ayni paytda Uchinchi Renessans ostonasida turibmiz. Bu nima degani? Bu uygʻonish, yangilanish, degani. Ana shu evrilishlar mahsuli oʻlaroq, Uchinchi Renessansni amalga oshiradigan iqtidorli, jahon andozalari darajasida bilim olgan, barkamol yoshlarni tarbiyalashimiz kerak. Shu bois, davlatimiz rahbari yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda va bu mazkur suhbatda ham atroflicha yoritilgan.
Taʼlimdagi oʻzgarishlarni biz, soha vakillari yana-da chuqur his qilmoqdamiz. Yaqinda maktab bolalari uchun xalqaro olimpiadalarda qatnashib, oltin, kumush va bronza medallarga sazovor boʻlgan yoshlarimizga, ularning murabbiylariga mukofot va sovgʻalar topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim tashkil etildi.
Oʻzim yoshligimni eslasam, matematikaga mehrim baland boʻlib, shahar, respublika, sobiq ittifoq olimpiadalarida qatnashganman. Ammo olimpiadachilarga eʼtibor hech qachon hozirgidek boʻlmagan. Bundan 5-10 yil avval ham mamlakatimiz maktab oʻquvchilari xalqaro matematika olimpiadalarida yaxshi natija koʻrsata olmasdi. Sababi, xalq taʼlimi, oliy taʼlim va fan orasida uzilish yuzaga kelgan edi. Olimpiada jarayoniga yetuk matematiklar jalb qilinmasdi. Prezidentimizning akademiklar bilan muloqotida shu masalalar koʻtarilgan. Shundan keyin davlatimiz rahbarining matematika sohasi rivojiga qaratilgan bir necha qaror va farmonlari ilm-fan va taʼlimda katta oʻzgarishlarga zamin yaratdi.
Kuni kecha xalqaro fan olimpiadasi gʻoliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdim. Prezidentimiz qarori bilan xalqaro olimpiadada oltin medal olgan oʻquvchi 122 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Uning oʻqituvchisiga 110 million soʻm berildi. Kumush medal sohibiga 73 million, oʻqituvchisiga esa 61 million soʻm, bronza medal sohibiga 49 million soʻm, oʻqituvchisiga 36 million soʻm taqdim etildi. Bu tarixda boʻlmagan voqea.
Yana bir misol. Matematika boʻyicha tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash va ularning turli xorijiy tanlovlarda ishtirokini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida yangi tizim yaratilmoqda.
2020-yildan boshlab, talabalarning xalqaro matematika olimpiadalarida munosib ishtirok etishi va iqtidorli talabalarni saralash maqsadida Oʻzbekiston Milliy universiteti va V.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti hamkorligida “Mathematical olympiads of Uzbekistan for University Students” onlayn loyi hasi tashkil etildi. Loyihaga 2020-yilda matematika boʻyicha falsafa doktori Karim Rahimov, 2021-yilda esa Matematika instituti kichik ilmiy xodimi Behzod Qurbonboyev rahbarlik qildi. Jami ikki ming nafardan ortiq talaba orasidan Oʻzbekis ton terma jamoasini shakllantirish natijasida universitet talabalari uchun dunyoda eng nufuzli xalqaro matematika olimpiadasida vakillarimiz yuqori natijaga erishdilar. 2020-yilda terma jamoamiz 2 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza medal va 4 ta faxriy yorliqni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2021-yilda 5 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medal va 2 ta faxriy yorliq olib, xalqimiz ishonchini oqladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar mahsulini ana shu misolda ham koʻrish mumkin. Bu ilm-fanga qaratilayotgan eʼtiborning dastlabki mevasidir.
Uchinchi Renessans bir kunda yuz bermaydi. Bugun ana shu yuksalishga poydevor yaratilmoqda. Biz vatanparvarlik tuygʻusi toʻgʻrisida koʻp gapirishimiz mumkin, lekin har bir yurtdoshimiz qalbida “Men vatan uchun nima qilyapman?” degan savol boʻlishi kerak.
Prezidentimiz har bir soha ichiga oʻzi kirib boradi. Eng muhimi, rahbarlar oldiga kabinetda oʻtirib boshqarish emas, xalqning ichiga kirib, holatni oʻz koʻzi bilan koʻrish, muammolarga yechim topish vazifasi qoʻyilgan. Davlatimiz rahbarining olimlar, oliy taʼlim tizimi vakillari, yoshlar bilan uchrashuvlari, samimiy muloqotlari barcha rahbarlar uchun namuna boʻlishi kerak.
Oʻylaymanki, respublikamizda har bir sohaning oʻsish nuqtasi bor. Ana shu nuqtaga urgʻu berilsa, albatta, rivojlanish boʻladi. Shavkat Mirziyoyevning yoshlar masalasiga, taʼlim tizimiga, umuman, barcha sohalarga qaratayotgan eʼtibori zamirida ana shu uzoqni koʻra bilish bor.
Men akademik va matematika institutining direktori sifatida buni chuqur his etdim. Matematika fani faqat poytaxtda emas, viloyatlarda ham chuqur oʻrgatilishi shart. Zero, viloyatlarda, chekkka tumanlarda ham iqtidorli bolalar bor. Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi “Matematika taʼlimi va fanlarini yana-da rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan beshta viloyatda institutimiz boʻlinmalari ochildi. Fan va taʼlim orasida uzviy bogʻliqlik boʻlishi uchun boʻlinmalar viloyat lardagi universitetlar ichida tashkil etildi. Maktablardagi eng iqtidorli bolalarni tanlab olish va tarbiyalash vazifasi institutimiz jamoasi zimmasiga yuklatildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Matematika instituti uchun talabalar shaharchasida yangi zamonaviy bino barpo etildi.
“Yangi Oʻzbekistonning nafasi, surʼati va shiddatini, avvalo, aziz oʻgʻil-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida koʻraman”, dedi davlatimiz rahbari suhbat asnosida. Albatta, Uchinchi Renessans iborasi koʻp tilga olinyapti. Ayni kunlarda uning poydevori qurilmoqda. Unga bir-ikki yilda erishib boʻlmaydi. Bugungi yaratilgan shart-sharoit ertaga xorazmiylar, beruniylar, Nobel mukofotini oladigan zakovatli kadrlar yetishib chiqishida muhim omil boʻladi.