Hujjatda qayd etilishicha, xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan, ilm-fan bilan shugʻullanayotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan hamda yuksak bilim va malakaga ega boʻlgan Oʻzbekiston yoshlarining Vatanimizga kelib ishlashlari uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularga uy-joy ajratish, munosib maosh toʻlash boʻyicha yangi tizim joriy etilmoqda.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF – 6260-sonli Farmoni eʼlon qilinganiga eʼtibor qaratiladi.
Mazkur farmonning 5-bandida davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etilgan.
Farmon bilan belgilangan qoʻshimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (Agentlik), yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida har oy toʻlab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi va toʻlovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Farmonga muvofiq, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yoʻnalishlari, tor mutaxassisliklar roʻyxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari roʻyxati shakllantirilib, Agentlikning rasmiy veb-sayti — argos.uz ga joylashtirildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinda - Jamgʻarma) toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, taʼlim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qoʻllash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar oʻrnatish belgilangan.
Qarorga muvofiq, yosh mutaxassislarga qoʻshimcha ustamalar miqdori belgilanishida nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining (THE (The Times Higher Education World University Rankings), QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), ARWU (Academic Ranking of World Universities) yuqori 500 talik roʻyxatidagi eng yuqori oʻrindan joy olgan xorijiy oliy taʼlim tashkiloti inobatga olinishi belgilangan.
«Tashqi ishlar vazirligi Jamgʻarma va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-iyundan boshlab doimiy ravishda xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassis va yosh vatandoshlarning axborot tizimida roʻyxatdan oʻtishiga koʻmaklashib borsin.
Agentlik davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda axborot tizimida roʻyxatdan oʻtgan yuqori malakali, maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik sifatlariga ega boʻlgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlar bilan aloqalar oʻrnatish va ularni ishga taklif qilish choralarini koʻrsin;
Jamgʻarma bilan birgalikda yosh kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtish uchun belgilangan tartibda rivojlangan xorijiy davlatlarga yuborish choralarini koʻrsin.
Xorijiy davlatda tajriba orttirish bilan bogʻliq xarajatlar vazirliklar va idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin», deyiladi Vazirlar Mahkamasining 101-son qarorida.









