Yosh akademiklar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida Turkiya va xorijdan koʼplab yosh olimlar bilan bir qatorda Turkiya Tashqi ishlar vaziri oʼrinbosari Yavuz Selim Kiran, Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) vitse-prezidenti Rahman Nurdun va xorijdagi qardosh xalqlar ishtirok etdi.
Turkiya Prezidenti Milliy kutubxonasida boʼlib oʼtgan kongressda Yavuz Selim Kiran soʼzga chiqib, “Biz ilmiy taraqqiyosiz iqtisodiy rivojlanish zaif boʼlib qoladi, deb oʼylaymiz. Shu bois, bugungi kunda turkiy xalqalarning ilm yoʼlida birlashishi ayni muddaodir”, deya taʼkidladi.
YTB vitse prezidenti Yusuf Turkiy Respublikalar oʼrtasida oʼtmishda talabalar almashinuvida muammolar boʼlganini eslab: “Soʼnggi yillarda katta oʼzgarishlar boʼldi. Turkiy tilliy davlatlar bilan oʼrnatgan munosabatlarimiz bugun turgʼun holatga keldi”, – dedi.
Yosh akademiklar uyushmasi rahbari Yunus Kacabyik, Kongress Turkiya va Turk dunyosida taʼlim faoliyatini davom ettirayotgan universitetlar va yosh tadqiqotchilarni mushtarak intellektual maqsad atrofida birlashtirib, hamkorlikni oshirish uchun tashkil etilganini bildirdi.
Eslatib oʼtamiz, Kongressda 15 davlatdan 80 nafar tadqiqotchi-olim ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbirda Oʼzbekistondan qatnashayotgan 7 nafar yosh olim davlatimiz taʼlim tizimini Turk dunyosi yosh akademiklariga tanishtirishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan.
Jumladan, Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti tayanch doktoranti Kamoliddin Umarov Kongress davomida “Oʼzbekiston taʼlim tizimida sanʼat va madaniyatning oʼrni” mavzusida maʼruza qilib, taʼlimda sanʼat va madaniyatga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlar borasida soʼz yuritdi.
– Mamlakatimiz rahbarlari boshlab bergan hamkorlik boʼyicha tashabbuslar barcha sohalarda davom etmoqda. Turk dunyosi yosh olimlari kongressi ham ana shunday tadbirlardan biridir. Ilmiy salohiyatimizni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tajriba almashishga qaratilgan bu kabi saʼy-harakatlar biz – yosh tadqiqotchilar uchun ayni muddao boʼldi, – dedi u.
Maʼlumot uchun: mazkur Kongress delegatsiyasi sifatida mamlakatimizdan Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Milliy arxeologiya markazi, Xorazm Maʼmun akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti tayanch doktarantlari, kichik ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Sitora Yoʼlchiyeva