Bu haqda AOKAda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, haftalik doirasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan media tanlovlar va tadbirlar oʻtkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, uzoq yillar vazirlik va idoralarda ishlab kelgan nuroniy onaxonlar, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” hamda muzeylar, tarixiy maskanlar, obidalar, ziyoratgoh va qadamjolar, teatr, konsert, kino, koʻngilochar maskanlarga imtiyozli asosda tashriflari tashkil etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar ishtirokida “Ayolni eʼzozlash – ezgulik va adolat mezoni”, “Ona – mehr bulogʻi”, “Men onam bilan faxrlanaman”, “Yurt taraqqiyotiga mening hissam” mavzularida fleshmob va chellenjlar hamda “Doim eʼtibordasiz!” shiori ostida “Tibbiyot avtobuslari” tashkil etiladi va mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.