Yaʼni laboratoriya tajriba maydonida olimlarimiz tomonidan molekulyar genetika, fiziologiya, biokimyo hamda seleksiyaning zamonaviy uslublarini qoʻllagan holda yuqori tola sifatiga ega navlarni yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Tabiatda oppoq paxtadan tashqari turli rangdagi gʻoʻza ekinlari ham mavjud. Laboratoriya xodimlari aynan ushbu gʻoʻza navlari ustida tadqiqotlar olib borib, tolasi och qoʻngʻir, toʻq qoʻngʻir, qizgʻish, sargʻish, och yashil, toʻq yashil va boshqa rangdagi gʻoʻza namunalarining qimmatli xoʻjalik belgilari sifatini oshirishmoqda. Ular kelgusida yana boshqa rangli gʻoʻzalar ustida ishlashni ham maqsad qilib qoʻyishgan. Sababi, respublikamizda ushbu yoʻnalishni rivojlantirish nafaqat qishloq xoʻjaligi iqtisodiy samaradorligini, balki eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.