Tadbirda 50 dan ortiq BPO sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va Irvin shahri meri Farra Xan hamda Irvin Savdo-sanoat palatasi prezidenti Brayan Star boshchiligidagi davlat organlari vakillari ishtirok etdi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekistondagi yangi autsorsing bozori salohiyati haqida soʻz yuritar ekan, mamlakatimizda mavjud zarur shart-sharoitlar, jumladan, xalqaro talablarga mos qonunchilik, yosh isteʼdodlarning koʻpligi, zarur zamonaviy infratuzilma, soliq va bojxona imtiyozlari taʼminlanganligi hamda IT sohasida taʼlim yoʻlga qoʻyilganligiga urgʻu berdi. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonni autsorsing sohasidagi hamkorlik uchun eng jozibador davlatga aylantiradi.
Shuningdek, IT Park rezidenti “RevoTech” kompaniyasi tomonidan “LoadStop” nomli startapga sarmoya kiritilganligi alohida qayd etildi. Taʼkidlash joiz, qiymati 50 million dollardan yuqori baholangan startap transportni boshqarishning innovatsion tizimini koʻzda tutadi. Kompaniya esa uning hammuassisi hisoblanadi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Access Capital Management Corp” oʻrtasida IT va BPO sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzolanishi va qoʻshma korporatsiya tashkil etilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Boʻlajak korporatsiya 3 yil ichida 1 100 ta ish oʻrni yaratilishi hamda AQSH va Oʻzbekistonda yuridik shaxs tadbirkorlik subyektlari ochilishini nazarda tutadi. Yangi korporatsiya miqyosida sugʻurta, faktoring, QA (sifat nazorati) va multimediya kabi yoʻnalishlar boʻyicha biznes-jarayonlarni autsorsing faoliyatini kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishilganligi qayd etildi.
Tadbirning rasmiy qismidan soʻng Amerika kompaniyalari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar oʻtkazildi. Unda IT Park rezidenti maqomini olish tartibi va rezidentlarga taqdim etiladigan imtiyozlar muhokama etildi. Oʻzbekistonda BPO sohasi rivoji bilan shugʻullanuvchi uyushma tashkil etish, shuningdek, “ICT WEEK Uzbekistan 2022” doirasida tadbirlarni tashkillashtirish masalalari ham ishtirokchilar eʼtibor markazida boʻldi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.