Mamlakatimizda oʻzbek tilining nufuzini yanada yuksaltirish, bu boradagi amaliy ishlar, tadqiqotlarni rivojlantirish, zarur qoʻllanma, lugʻatlar, ilmiy-maʼrifiy manbalarni yaratish, uning targʻibotini kuchaytirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Kuni kecha Prezidentimizning Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida ham ona tilimizni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

Bayram tadbirida ona tilimizni rivojlantirish borasida muayyan qonunchilik tizimi yaratilgani, davlat tilining nufuzini va mavqeyini oshirish borasida koʻplab davlat tuzilmalari faol hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayonida bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlarni faol qoʻllab-quvvatlash, joylarda oʻzbek tiliga oid meʼyor va qonunchilikka amal qilinishini tartibga solish, yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Abdugʻaffor Qirgʻizboyev mamlakatimizda oʻzbek tiliga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Prezidentimizning bayram munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi ona tilimizni yanada rivojlantirish, unga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish borasida muhim dasturilamal ekanini taʼkidladi. Mamlakatimizda kitobxonlik, milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yuzasidan amaliy ishlar ona tilimizga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasidir.

Darhaqiqat, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, doʻstlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotganining yana bir amaliy namunasidir.

Mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar oʻzbek tilining nafosati va jozibasi xususida atroflicha soʻz yuritdilar. Zero, bugun jahon miqyosida ham oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtibor tobora ortib borayotgani xorijlik talabalarning samimiy dil soʻzlarida ham zohir boʻldi.

Tadbirda oʻzbek shoirlari ijodidan namunalar oʻqildi. Oʻzbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva, Yunus Rajabiy nomidagi maqom jamoasi ijrosidagi dilbar qoʻshiqlar tadbirga yanada fayz bagʻishladi.

Tantanali yigʻilish ishtirokchilari hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydilar.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi.