Tarixiy va madaniy meros nafaqat oʻtmish, balki kelajakda ham madaniyat va mamlakat taraqiyoti uchun muhim manba hisoblanadi.
“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Maʼlumki, bugun Moskva shahrida Oʻzbekiston va Rossiya Hukumatlari rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati va DBQning masʼul sohaviy boshqarmalari vakillari ham bor.
Ushbu tadbirlar doirasida, Moskvada Federal bojxona xizmati hududida avval Oʻzbekiston Respublikasi hududidan Rossiyaga noqonuniy olib chiqib ketilgan noyob madaniy boyliklarni Davlat bojxona qoʻmitasi vakillariga topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Tadbirda, DBQ Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari O.Mamajonov va Federal bojxona xizmati Bojxona hamkorligi boshqarmasining Yaqin xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik boʻlimi boshligʻi A.Popov ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun madaniy ahamiyatga ega boʻlgan 29 ta qoʻlyozmalar va 16 ta sopol buyumlar 2016-yilda qonunbuzar tomonidan yurtimizdan yashirincha olib chiqib ketilgan. Rossiya Federal bojxona xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan qoʻshma tadbirlar natijasiga koʻra aniqlangan buyumlardan 9 dona qoʻlyozma va kitoblar arab, fors va turkiy tillarda yozilgan diniy matnlar va sheʼriy asarlar boʻlib, taxminan 1644-1880-yillar davrida yaratilganligi, 16 dona sopol buyumlardan 3 tasi esa oʻrta asrlar va yangi davrdagi ( XV-XVII asrlar) Samarqand kulolchilik maktabiga mansubligi maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasining xulosasiga koʻra, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni talablariga muvofiq ushbu buyumlar Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin boʻlmagan madaniy boyliklar toifasiga tegishli ekanligi aniqlandi.
Taʼkidlash joizki, madaniy boyliklarni qaytarish tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 1994-yil 15-aprelda imzolangan “Noqonuniy ravishda olib chiqilgan va olib kirilgan madaniy boyliklarni aniqlash va qaytarish boʻyicha bojxona xizmatlarining hamkorligi toʻgʻrisida”gi Bitim talablari doirasida amalga oshirildi.