Davlatimiz rahbari dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda har bir davlat turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solayotganini koʻrsatib oʻtdi. Biz ham bunday keskin raqobat sharoitiga mos boʻlib ishlashimiz shartligi qayd etildi.

Oʻtgan 8 oyda:

- yurtimizga xorijdan 4,3 million turist keldi, ulardan 1,4 milliard dollar tushum boʻldi;

- 15 mingta yangi mehmon oʻrinlari yaratilib, ularning soni 137 mingtaga yetdi;

- 540 ta dam olish va koʻngilochar maskan barpo etildi, 70 ta turizm marshruti ochildi.

Shuningdek, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi, yangi 23 ta samolyot olib kelindi, 20 ta xalqaro va 6 ta ichki qatnov yoʻlga qoʻyildi, Samarqand aeroportida haftalik xalqaro reyslar 46 tadan 85 taga koʻpaydi, 1 ming 300 ta zamonaviy avtobus xarid qilinib, 38 ta marshrut ochildi.

Qoʻshimcha dam olish kunlari va chegirma berilgani hisobiga ichki sayyohlar soni 15 million nafarni tashkil qilib, oʻtgan yilga qaraganda 2 barobarga oʻsdi.

Prezident turistlarni jalb qilish boʻyicha yangi imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtdi.

Bunda, eng avvalo, qoʻshni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. 

Masalan, Xitoyning hamma provinsiyalariga borib, hududlarimiz turistik salohiyatini keng targʻibot qilish, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Fargʻona vodiysiga aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. 

Mamlakatimizga uzoq davlatlardan kelayotgan turistlar oqimi 3-4 barobar oshdi.

Misol uchun, bu yil Hindistondan, Yaponiyadan, AQSHdan, Italiyadan sayyoh koʻpaydi. Lekin, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Qatardan hamda Yevropadan turistlarni jalb qilish ishlari sust ekani taʼkidlandi.

Ushbu mamlakatlardagi elchilarga va viloyat hokimlarining turizm boʻyicha oʻrinbosarlariga turistlarni jalb qilish boʻyicha ishlarni kuchaytirish topshirildi.