2. Savol: 19-yanvar kuni Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlarni almashish haqidagi kelishuv kuchga kirdi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining bu boradagi pozitsiyasi qanday?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlar almashinuvini olqishlaydi. Biz ushbu kelishuvlarni keskinlikni pasaytirish va mintaqada uzoq kutilgan tinchlikni taʼminlash yoʻlidagi juda muhim ijobiy qadam sifatida qaraymiz.
Biz Qatar, AQSH va Misrning kelishuvga erishishdagi saʼy-harakatlarini yuqori baholaymiz. Biz barcha tomonlarni kelishuv shartlariga rioya qilishga chorlab qolamiz.
Oʻzbekiston Yaqin Sharqda barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga sodiq qoladi.
3. Savol: Oʻzbekiston 1-yanvar kuni BRIKS boʻyicha hamkor davlatga aylandi. Mamlakatimizning ushbu assotsiatsiyadagi ishtirokidan qanday foyda kutilmoqda?
Javob: BRIKS koʻp tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va dinamik birlashmasi hisoblanadi. Ishonchimiz komilki, bunday oʻzaro hamkorlik modeli BMTning markaziy rolini saqlab qolgan holda yanada adolatli dunyo tartibining yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam poydevor boʻlishi mumkin.
BRIKS aʼzolarining aksariyati bizning anʼanaviy hamkorlarimizdir. Biz birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlarni koʻzlaymiz. BRIKS katta imkoniyatlarga ega ulkan bozordir. Uyushma aʼzolari bilan aloqalarning har tomonlama kengayishi xalqimiz farovonligini taʼminlashda ijobiy oʻrin tutadi.
4. Savol: Ikkinchi uchrashuvi Anqarada boʻlib oʻtgan Ozarbayjon va Turkiya bilan uch tomonlama hamkorlik platformasini Oʻzbekiston qanday baholaydi? Boshqa davlatlar bilan ham shunday uch tomonlama format yaratish yoki unga boshqa davlatlarni jalb qilish orqali Boku-Toshkent-Anqara formatini kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqdami?
Javob: Biz ushbu platformani mamlakatlarimiz oʻrtasidagi foydalanilmagan ulkan salohiyatni roʻyobga chiqarish uchun juda muhim maydon deb bilamiz.
Uchrashuv kun tartibi juda boy boʻlib, hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oldi. Barcha ishtirokchilar tomonidan mintaqaviy va global xarakterdagi dolzarb masalalar boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solishga kelishib oldik. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.
Xabaringiz bor, birinchi uchrashuv 2022-yilda boʻlib oʻtgan. Toshkentda hozirgisi ketma-ket ikkinchi va boshqa davlatlarni jalb qilish masalasi hali bu formatda kun tartibida emas.