Zamonaviy davlat boshqaruvining mohiyati, mazmuni, tuzilmasi, uslub va texnologiyalarining turlari hamda faoliyat koʻrsatish qonunlari bilan bogʻliq masalalar bugungi kunda ekspertlarning asosiy muhokama mavzusiga aylangan.
2020-yil 7-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida «Ommaviy huquqiy tadqiqotlar markazi» ilmiy tadqiqot muassasasi shaklidagi noavlat-notijorat tashkiloti roʻyxatga olingan edi. Ommaviy boshqaruv sohasidagi qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyoti yuzasidan sharhlar, tezislar maʼruzalar, ish materiallari toʻplamlari, tahliliy sharhlar, ilmiy, oʻquv va uslubiy adabiyotlarni tayyorlash va nashr etish faoliyati Markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
«Oʻzbekiston Respublikasining zamonaviy maʼmuriy huquqi va ommaviy boshqaruvi boʻyicha 100 ta dolzarb savolga javoblar» oʻquv qoʻllanmasi zamonaviy maʼmuriy huquq normalarining nazariy va amaliy asoslarini oʻzida mujassam etgan nashrdir. Qoʻllanma koʻplab ilmiy tadqiqotlar natijalari, jumladan Markaz tomonidan konstitutsiyaviy va maʼmuriy huquq sohasida olib borilgan tadqiqot maʼlumotlari asosida yaratilgan.
Mazmun jihatidan qoʻllanmaning koʻpgina qoidalari qonun hujjatlarining normalarini tushuntirish bilan cheklanib qolmay, balki ilmiy yangilikka ham ega boʻlib, Oʻzbekiston maʼmuriy huquq taʼminotini rivojlantirishga hissa qoʻshadi. Bu esa nashrni nafaqat huquqni qoʻllash sohasida faoliyat yurituvchilarga, balki tadqiqotchilar, oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilarga ham tavsiya qilish imkonini beradi.
«Savol-javob» tarzida tuzilgan qoʻllanmada maʼmuriy huquqning asosiy qoidalari qulay shaklda taqdim etilgan boʻlib, oʻquvchiga zarur bilimlarni egallashda yaqin koʻmakchi boʻladi. Nashrning yana bir asosiy jihati uning maʼmuriy organlar va maʼmuriy sudlar faoliyati amaliyotiga yoʻnaltirilganidadir. Unda huquqiy nazariyani amaliyot bilan «bogʻlash»ga yordam beradigan koʻplab misollar va tushuntirishlar keltirilgan.
Yuridik fanlar nomzodi Azamat Egamberdiyev tahriri bilan chop etilgan qoʻllanma nafaqat talabalar davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga, balki sohaga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun ham qiziqarli boʻladi, degan umiddamiz.