Prezidentimiz 2020 yilning 20 may kuni poytaxtimizdagi Milliy bog' hududida yangidan ta'mirlanib barpo etilgan Adiblar xiyoboni ochilishiga bag'ishlangan uchrashuvda so'zlagan nutqida “Adabiyot — xalqning yuragi” deya ta'kidlagandi. Haq gap. Adabiyotsiz, ma'naviyatu ma'rifatsiz xalq xalq bo'lolmaydi, davlat esa davlat sifatida yuksala olmaydi.
Kezi kelganda ta'kidlash kerakki, bir tomondan Adiblar xiyoboni hududida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun qurib berilgan zamonaviy binoni ko'rib xursand bo'lgandik, nega deganda biz — ijod ahliga Yurtboshimiz tomonidan ko'rsatilayotgan bunday yuksak e'tibor va g'amxo'rlik ruhimizni yanada yuksaltirgandi, boshqa tomondan esa qani endi uyushmaning viloyat bo'limlarida ham ana shunday tengi yo'q shart-sharoitlar yaratilsa, yangi binolar foydalanishga topshirilsa, deya ich-ichimizdan istagandik. Bu orzu ancha olisday tuyulgandi.
Shu ma'noda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo'limi o'z binosiga ega emasdi. Natijada bu bir qancha muammolarni keltirib chiqargandi. Misol uchun, ikki-uch bor o'zimiz istamasak-da, binoma-bino ko'chib yurdik. Ko'plab yosh ijodkorlar, viloyatda ijod qilayotgan shoir-yozuvchilar bizni izlab sarson bo'lishar, ba'zilar biz joylashgan binoni topolmay ortiga qaytib ketardi. Avval faoliyat yuritgan binolarimizda shart-sharoitlar ham o'ziga yarasha edi. Ayniqsa, viloyat bo'limi huzuridagi “Yoshlik ilhomlari” va “Mitti yulduz jilolari” to'garak a'zolariga “Mahorat darslari”ni o'tkazishda ancha qiynalardik. Sababi, to'garak o'tkazadigan alohida xona yoki zal mavjud emasdi. Yozuvchi-shoirlarning kitob taqdimotlari yoki adabiy-badiiy yo'nalishdagi tadbirlarni o'tkazishda ham shu muammoga duch kelardik.
Ko'pincha bunday tadbirlarni boshqa tashkilotlarning majlislar zalida o'tkazishga majbur bo'lar, ba'zan ulardan ruxsat olsak, ba'zan “o'zimizning tadbirimiz bor”, degan javobni olardik.
Albatta, bu kabi muammolar muhim ahamiyatga molik holat emas. Biroq shu kichik muammolar ham, qaysidir ma'noda, oldimizga qo'ygan ulkan maqsadlarni ortga tortib turganday edi.
E'tiborlisi, so'nggi yillarda viloyatimizda adabiy muhit, ijodiy jarayonlar ancha jonlandi, viloyatda yashab ijod qilayotgan shoir-yozuvchilar bir-biridan sara badiiy jihatdan pishiq-puxta va saviyali asarlar yaratishdi, yaratishmoqda. Qolaversa, viloyat hokimi Zoyir Mirzaev viloyatdagi ijod ahliga o'zgacha e'tibor qaratib kelmoqda, har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda. Hokim tashabbusi bilan qashqadaryolik ijodkorlar ijodidan jamlangan ikki jildlik “Zumrad voha nasimlari” nomli bayozlar nashr etilgani ijodkorlar uchun ajoyib tuhfa bo'ldi.
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida Qarshi shahri markazida viloyat hokimligi tashabbusi bilan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda viloyat Nuroniylar kengashi uchun yangi va zamonaviy ko'rinishdagi bino foydalanishga topshirildi.
— Binoda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xonalar zamonaviy mebel` jihozlari bilan ta'minlangan, — deydi yosh yozuvchi Azizbek Norov. — Mutaxassislar uchun alohida va shinam xona, rahbar xonasi, majlislar zali, to'garak mashg'ulotlari yoki adabiy suhbatlar o'tkazish uchun davra stoli mavjud. Rostini aytsam, mazkur binoni viloyat bo'limi joylashgan avvalgi maskan bilan solishtirganda, er bilan osmoncha farq bor, desam hecham mubolag'a bo'lmaydi.
Mazkur muhtasham binoning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Marosimda viloyat hokimi Zoyir Mirzaev kirish so'zi bilan ocharkan, ijodkorlarni qutlab, endi yanada g'ayrat va shijoat bilan ijod qilishga undadi. Shuningdek, tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, shoir-yozuvchilar, yosh ijodkorlar va viloyat faollari qatnashishdi.
— Ijodkorlar uchun yaratib berilgan bunday sharoitlarni ko'rib ko'z quvnaydi, — deydi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira Nilufar Umarova. — Ularning yanada g'ayratga to'lib ijod qilishiga zamin hozirlaydi. Buning uchun biz muhtaram Yurtboshimizga o'z minnatdorligimizni izhor etamiz.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzaev boshchiligidagi mehmonlar binoni ko'zdan kechirishdi, o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashishdi. Tadbir so'nggida esa ijodkorlar uchun dasturxon ustida bir piyola choy tashkil etildi. Bu esa she'rxonlikka, mushoiraga aylanib ketdi.
So'ngso'z o'rnida aytganda, adabiyotga e'tibor bu — kelajakka e'tibordir. Mazkur so'zlarning amaliy ifodasini bugun biz — qashqadaryolik ijodkorlar ko'rib, his qilib turibmiz.
O'roz HAYDAROV,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
viloyat bo'limi rahbar