Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishining tub mohiyati ana shunda desak xato boʻlmaydi.

Oʻzbekiston himoyasida harbiylarning ne chogʻlik oʻrni boʻlsa, maʼnaviyat himoyasida ham ziyolilar faoliyat shu qadar muhim ahamiyatga egadir. Ayniqsa bugungi axborot zamonida maʼnaviyat va maʼrifatning taʼsiri turli xil ommaviy madaniyat va axborot xurujlariga qarshi tura oladigan immunitetga ega boʻlishi kerak. Bejiz mamlakatimizda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi Prezident ekanini belgilab qoʻyilmagan. Bu himoya masalasida Oliy bosh Qoʻmondon davlat rahbari boʻlganidek, maʼnaviyat va maʼrifat ishlarida ham taʼbir joiz boʻlsa Oliy Bosh Qoʻmondon bu davlat rahbari ekanligini bildiradi.

Biz nega maʼnaviy qadriyatlarimizni himoya qilishimiz kerak? Chunki shu qadar goʻzal qadriyatlarimiz borki, ular sabab oʻzligimizda egamiz. Bizning taomilda otadan oldin ovqatga qoʻl uzatmaydilar, ota oʻtirgan uyning tomiga chiqmaydilar, ota rizoligiga Allohning rizoligi sifatida qaraydilar, Qoʻshnisining tinchligini oʻz tinchligi deb biladilar, oilani muqaddas sanaydilar, har bir neʼmatning yettidan biriga qoʻshnimning haqqi deb qaraydilar, mahalla kattalarining nasihatlarini ogʻir olmaydilar. Bunaqa toʻkis maʼnaviy qadriyatlari bor el albatta uning himoyasini ham qila olishi kerak.

Prezidentimiz oʻz soʻzida “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” – deb bekorga aytmadilar. Shuningdek, yangi Oʻzbekistonni barpo etilishida ikkita asosiy ustunlarning biri bu maʼnaviyat ekanligi aytildi. Yaqinda boʻlib oʻtgan yirik tadbirlar – davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, Oʻzbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida maʼnaviyat yoʻnalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berilgani ham bejiz emas.

Maʼnaviyatga eʼtibor bu odob axloq masalasiga qilingan eʼtibordir. Bugungi kunda turli xil axborot xurujlari, ommaviy madaniyat tahdidlarining koʻrinishlari koʻpayib bormoqda. Yoshlar internet asiriga aylanib ulgurgan. Eng achinarlisi, ularning hammasi ham internetdan yaxshi maʼnoda foydalanayotgani yoʻq. Bu jarayonda maʼnaviyat targʻibotchilarining koʻmagi juda muhim.

Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzalarida “Afsuski, hali oramizda milliy gʻoyaning, maʼnaviyatning mohiyatini toʻliq anglab yetmaganlar, maʼnaviyat kerakmi-yoʻqmi deb yurganlar ham yoʻq emas.” deya oʻrinli taʼkidladilar.

Ming afsuski maʼnaviyat masalasiga barmoq orasidan qarayotganlar ham bor. Shunga oʻxshash izohlarni ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchratib qolaman. Hammasi hayotga qanday koʻz bilan boqishga bogʻliq. Yuksak maʼnaviyat esa shukrona qilishga, faqat oyoq ostini emas, uzoqni koʻra bilishga oʻrgatadi. Maʼnaviyat nega kerak deganlar, oʻzligidan kechganlardir! Xulosam shu boʻladiki, biz ijtimoiy tarmoqlardagi targʻibotimizni yetarli darajada olib borolmayapmiz. Ayrim yoshlar maʼnaviyat tushunchasini toʻliq anglab yetmayapti. Maʼnaviyat bu aql, bu axloq deganidir. U Allohning eng goʻzal tuhfasidirki, bizlar u sabab fikrlaymiz, tafakkur qilamiz, xulosalar chiqaramiz.

Ijtimoiy tarmoqlardagi turfa fikrlarni kuzatar ekanman, targʻibotimizda zamonaviy taʼsir usullaridan foydalanish zarurati borligini his etaman. Bugun aholimizning 60 foizini tashkil qiluvchi yoshlar asosiy axborotni internetdan olmoqda. Demak bugun maʼnaviyat markazlari qoshida faoliyat olib boruvchi onlayn targʻibotchilarga ham ehtiyoj sezilmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, maʼnaviyat masalasi – bu faqat Maʼnaviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi emas, bu oʻzligimiz himoyasiga oid masala, ajdodlarimizdan qolgan qimmatbaho merosni asrashdek masʼuliyatli vazifa. Bunga har birimiz mening vazifam deb qarashimiz kerak. Bu jarayonda har birimizning masʼulligimiz, ishtirokimiz sezilishi lozim. Oʻzligimiz himoyasi yoʻlida birlashaylik, bir yoqadan bosh chiqaraylik, hamkor va hamfikr boʻlaylik!

Zero, unutmaslik kerakki, Vatanimizning munavvar kelajagi yuksak maʼnaviy muhit bilan mustahkamdir.

Kamola Abduvaliyeva,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Andijon viloyat boʻlimi matbuot kotibi