Davlat bojxona qo'mitasining bojxona instituti sohada mutaxassis kadrlar tayyorlash bo'yicha nafaqat O'zbekistonda, balki mintaqada yagona hisoblanadi. Shu ma'noda, institut 2018-yilda bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo'yicha ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim hamda ilmiy-metodik muassasasiga aylantirildi.
Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr nafaqat bo'lajak bojxonachilarni, balki yangi avlod vakillarining barchasini milliy g'oyamiz ruhida, har tomonlama etuk, munosib kadrlar etib tarbiyalashni taqazo etmoqda. Bu borada avvalo vatanparvarlik tuyg'usini shakllantirish, yoshlarni yurtga sadoqat, kasbga muhabbat ruhida tarbiyalash muhim o'rin tutadi. Zero, milliy ongiga Vatan himoyasining sharafli va muqaddas burch ekani singib ulg'aygan yoshlar har qanday sharoitda ham yurt himoyasiga shay tura oladi.
Vatanparvarlik sifatlari bilan yo'g'rilgan tafakkurga, dunyoqarashga ega yoshlar hech qachon o'z vataniga, oilasiga, do'stiga xiyonat qilmaydi. Ayniqsa, egnida davlat razmlari tushirilgan forma kiyib, vatanga sidqidildan xizmat qilishga bel bog'lagan yosh kursantlar uchun adabiyotga oshno tutinish, millatimiz faxri va g'ururi bo'lgan, yurt istiqloli va istiqboli uchun ne-ne zahmatlar chekib, istibdodga qarshi kurashning mafkuraviy qalqonini shakllantirish yo'lida ijod qilgan mutafakkirlarimiz asarlarini qunt bilan o'rganish va ulardagi g'oya va mazmunni yuraklariga jo etish favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Prezidentimiz rahnamoligida boshlangan mana shunday ezgulik, ma'rifat va ma'naviyat karvoni yoshlarimiz ongu-shuurini o'zgartirib, haqiqiy yurt fidoyisi, vatan himoyachisi bo'lishdek pirovard manzilga etaklashiga ishonchimiz komil.
Shu ma'noda institutda ma'naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni tizimli va samarali tashkil etishga alohida e'tibor qaratiladi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda qo'shma tadbirlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, Davlat bojxona qo'mitasining ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yangi bosqichga ko'tarish, buyuk ajdodlar merosiga hurmat, mustaqillikka sadoqat, yuksak harbiy vatanparvarlik ruhini kuchaytirishga qaratilgan “Yo'l xaritasi” hamda institutning ma'naviy-ma'rifiy rejalari asosidagi tadbirlar muntazam o'tkazib kelinyapti.
Ayniqsa, Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilgan sana va Vatan himoyachilarini ulug'lab o'tkazilayotgan harbiy vatanparvarlik tadbirlari kursantlarda o'zgacha taassurot qoldirayotganini aytish joiz.
Xususan, “Kim Vatanga sodiq bo'lsa, mendirman o'sha!”, “Men Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur kabi buyuk sarkardalar avlodiman” kabi tadbirlar bo'lajak yurt himoyachilarida milliy g'ururni uyg'otish, Vatanga muhabbatni ziyoda etishi bilan yuksak ahamiyat kasb etadi. “Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tarbiyalash – maktabdan boshlanadi!” shiori ostida maktablarda o'tkazilgan targ'ibot-tashviqot tadbirlari esa, endigina o'sib kelayotgan, kasb tanlash orzusida bo'lgan o'quvchi yoshlarda Vatan himoyasi bilan bog'liq kasblarga qiziqish uyg'otishga xizmat qiladi.
Milliy g'oyamiz, o'ziga xos tariximiz haqida gap ketar ekan, milliy davlatchiligimiz tarixida chuqur iz qoldirgan ajdodlarning boy ma'naviy merosini keng o'rganishi maqsadida yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi, mohir sarkarda Sohibqiron Amir Temur tavalludi munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etiladigan tadbirlar ham alohida o'rin tutadi. Jumladan, o'tgan yili respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Xalqaro Amir Temur jamg'armasi bilan hamkorlikda “Yuksak ma'naviyatli shaxs tarbiyasida Amir Temur o'gitlarining ahamiyati” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-ma'rifiy anjuman kursantlarimiz ma'naviyatini yanada boyitishda muhim omil bo'ldi.
O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “SHon-sharaf” respublika harbiy festivalida ham institut kursantlarining faol ishtiroki ta'minlab kelinmoqda. Bunday nufuzli tadbirlardagi tantanavorlik ruhi kursantlarda jangovarlik, vatanparvarlik ruhini yanada kuchaytirishi aniq.
Shuningdek, Davlat tiliga yuksak hurmatni ifodalash, o'zbek tilining jozibadorligi, betakrorligini tarannum etish maqsadida Davlat bojxona qo'mitasining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo'limi bilan hamkorlikdagi “Ona tilim — faxrim” xeshtegida kursantlarimizning faol ishtirok etgani, kursant Umarali Kenjaevning “Ona tilim” she'riga bayram roligi tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali targ'ibot qilingani barchamizda iftixor tuyg'usini uyg'otdi. Vazirlar Mahkamasining Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashabbusi bilan Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyida tashkil etilgan O'zbek tili bayramida institut kursanti G.Abdurazzoqovaning she'riy chiqishi bo'lajak bojxonachilarga o'zgacha g'urur bag'ishladi. SHe'riyatga iqtidori bor bu kabi kursant va ofitserlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Yurtga qalqon harbiylar”, “Sog'inch daftari”, “Qalb gavharlari” kabi she'riy to'plamlar chop etildi.
Bugunning dolzarb mavzusi bo'lgan “Ma'naviy yuksalish – Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori” va shu kabi tadbirlarda yoshlar ajdodlarimizning ilmiy salohiyati bilan faxrlangan holda o'zlari ham ularga munosib vorislar bo'lishni dilga tugadi. Bojxona xizmati idoralari tarkibiy tuzilmalari uchun tashkil etilayotgan bu tadbirlar Prezidentimizning “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori, shuningdek, 2021-yil 19-yanvardagi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi yig'ilishidagi ma'ruzasida belgilab berilgan vazifalari ijrosiga qaratilmoqda.
Institutda shuningdek kursantlarning intellektual salohiyatini oshirish, ular orasida kitobxonlikni keng targ'ib etish, milliy madaniyatimiz tarixida chuqur iz qoldirgan allomalarning tavallud ayyomlarida yozuvchi va olimlar bilan ijodiy kechalarni tashkil etish ham an'anaga aylangan. Bu borada poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni chinakamiga adabiyot bo'stoni bo'lib, kursantlarimizni o'z bag'riga chorlaydi. Ayni paytda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlari munosabati bilan “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, “Jahon tamaddunida – Temuriylar davri renescansi” kabi mavzulardagi tadbirlarga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Zero, o'tmishiga, buyuk ajdodlariga chuqur hurmat hissida tarbiya topgan barkamol avlodlargina porloq kelajagimizning mustahkam ustunlari, ishonchli qalqonlariga aylanadi.
Rahmatillo Gaipnazarov,
Bojxona institutining Ma'naviyat va yoshlar tarbiyasi markazi boshlig'i