“Manchester Yunayted” hujumchi Krishtianu Ronaldu bilan oʻrtadagi mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin. “The Telegraph” nashrining xabar berishicha, klub futbolchining shov-shuvli intervyusi sabab sanksiyalarning turli variantini koʻrib chiqyapti. Ular orasida Krishtianu bilan shartnomani oʻzaro bekor qilish ham bor. Faqat forvard mavsum oxirigacha moʻljallangan maoshlar kompensatsiya qilinishini talab qilmagan taqdirdagina bu ish amalga oshiriladi.

Biroq jamoa rahbariyati Ronaldu aynan shuni xohlayotganidan xavotirda. Klub ortiqcha xarajatga qoʻl urmoqchi emas, shu bilan birga, uni jamoada qoldirib boʻlmasligini ham anglab turibdi. Yakuniy qaror chiqarishdan avval “Manchester Yunayted” intervyuning toʻliq versiyasi chiqishini kutadi, u chorshanba yoki payshanba kuni eʼlon qilinishi kutilmoqda. Yangi argumentlar chiqqan taqdirda klub “kelishuv shartlarining buzilishi”ni vaj qilgan holda bitimni bir tomonlama buzish huquqiga ham ega boʻlishi mumkin.

Klub Ronalduning intervyusi borasida bayonot berar ekan, barcha faktlar ochiqlangandan keyin oʻz qarorini berishini va hozirda mavsumning ikkinchi yarmiga tayyorgarlik jarayoniga eʼtibor qaratganini maʼlum qilgan.

Zamonaviy futbolning tirik afsonasi bilan bogʻliq yuzaga kelgan ushbu holat ortidan Ronalduni Yevropaning 2 gigant klubi sotib olish niyatida.

“Sky Sports” nashri jurnalisti Florian Plettenberganing soʻzlariga koʻra, PSJ xoʻjayinlari Krishtianu Ronalduni jamoaga jalb qilish variantini koʻrib chiqmoqda. Ayni paytda parijliklar rahbariyatida jamoani yoshartirish kerak, deb hisoblaydiganlar bor, biroq 37 yoshli portugaliyalik esa bu falsafaga toʻgʻri kelmaydi.

“Chelsi” xoʻjayini Todd Boyeli ham Krishtianuga qiziqish bildirmoqda. Taxminlarga koʻra, Ronaldu “Manchester Yunayted” bilan shartnomasini bekor qilishi va yanvarda erkin agent sifatida ketishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, kecha portugaliyalik yulduz shov-shuvli intervyu berdi, shundan soʻng uning “qizil iblislar” safini tark etishi deyarli aniq boʻlib qoldi.