“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun tatbiq etiladigan organlar roʻyxati eʼlon qilindi

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan roʻyxatga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib boriladi.

    Maʼlumki, “Manfaatlar toʻqnashuvi” toʻgʻrisidagi qonun:

    • davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga;
    • davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga;
    • davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etilishi belgilangan.

    Davlat rahbarining qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq roʻyxati tasdiqlandi.

    Davlat organlari va tashkilotlari qonunchilikka muvofiq qayta tashkil etilgan, nomi oʻzgargan yoki yangidan tashkil qilingan taqdirda, manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasida maxsus vakolatli organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan roʻyxatga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib boriladi.

    Roʻyxatdan respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarning 24 tasi, jumladan Prezident administratsiyasi, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Oliy sud, Bosh prokuratura, DXX, MIB, Milliy gvardiya, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Statistika agentligi, shuningdek, Korrupsiyaga kurashish agentligining oʻzi ham kiritilgan.

    Roʻyxatdan, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar, tuman hokimliklari, yurudik shaxs maqomidagi davlat maqsadli jamgʻarmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan koʻp boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari oʻrin olgan.

    Toʻliq roʻyxat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

    “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun 2024-yil 6-dekabrdan kuchga kiradi. Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestri yuritiladi.