Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan Oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida islohotlar qamrovini oshirish, jumladan, xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida fikrlar bildirilgan edi. Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari ustuvor vazifalarni asosiylaridan biri qilib, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish deya taʼkidladilar.

Har qanday rivojlanish mezonida oʻzaro tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalasi turadi. Bugun Oliy taʼlim oldida turgan dolzarb vazifalarning ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Milliy universiteti qator hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirmoqda.

Ayni kunlarda universitet rektori professor Inom Majidov boshchiligidagi delegatsiya Belorus davlatida boʻlib turibdi. Avval xabar berganimizdek, delegatsiya tashrifidan maqsad Belorus Davlat universiteti (bu OTM QS dunyo reytingida 295 oʻrinni egallab turibdi) bilan kelishuv va oʻzaro hamkorlik shartnomasini imzolash va uni amalga tatbiq etishdan iborat. Bu dastur doirasida hujjatlar rasmiylashtirishning birinchi bosqichi yakunlandi. Inom Majidov boshchiligidagi oʻzbekistonlik delegatsiyani BDU rektori Andrey Korol boshchiligidagi jamoa va universitetning A.D.Saxarov nomidagi Xalqaro davlat ekologiya instituti jamoasi vakillari kutib olishdi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston, Belorus va Polsha davlatlaridagi OTMlar oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzish ham rejalashtirilgan. Unda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, oʻzaro magistr va doktorantlarni tayyorlash, kelajakda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish qayd etilgan. Uchrashuvning birinchi kunida xalqaro reytinglarga kirish boʻyicha tajriba almashish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha muhokamalar olib borildi.