“Oybek “Navoiy” romanining birinchi satrlarini yozayotganda qanday holga tushgan, buni bilmayman. Shuni bilamanki, Navoiy dahosining salobati, qudrati, buyukligi oldida Oybekdek mumtoz yozuvchida ham qoʻrquv va jurʼatsizlik boʻlgan.
Endi men Oybek dahosi oldida “Borsa gumon” yoʻl boshida hayron turibman. Umuman, Oybek toʻgʻrisida biror nima yozishga haddim sigʻadimi?”, deb boshlagan edi Said Ahmad “Yoʻqotganlarim va topganlarim” asarini.
Men bu jumlalarga koʻz yugurtirayotib, bunday betakror qalam sohibi, yuksak did egasini qanday taʼrif-u maqtovlar bilan qogʻozga olishga hayron-u ojizman. Uning asarlarini oʻqiganimda, oʻzimda qandaydir bir kuchni sezaman. Uxlab yotgan allaqanday hislarni uygʻotayotgandek tuyuladi. Said Ahmad juda ziyrak va teran fikrlaydigan inson, nasrnavis, dramaturg, qalami oʻtkir yozuvchilardan biri boʻlgan.
Yumor otasi Saidahmad Husanxoʻjayev agar tirik boʻlganida bugun 102 yoshni qarshilagan boʻlardi. Said Ahmad oʻz davrining achchiq haqiqatlarini yumor sifatida adabiyotga olib kirgan, bunga “Sobiq” hikoyasi yaqqol misoldir. Yozuvchining asarlari har bir kitobxon qalbiga kirmay qoʻymagan. “Kelinlar qoʻzgʻoloni”spektaklini esa kishi har safar koʻrganida oʻzi uchun yangi maʼno kashf etadi. Bu asarni haqiqiy oʻzbek oilasining timsoli, deyish mumkin.
Koʻp qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazgan adib mustaqillik davri kelishini orzu deb biladi. Ayniqsa, qamoq jazosini oʻtash vaqtida ozodlikka boʻlgan umid bir zum boʻlsada tark etmadi, qalami tebranishdan toʻxtamadi. Adib hikoyalaridan asta-sekin yirik janrdagi asarlar yozishga oʻtdi. 1949-yilda chop etilgan “Qadrdon dalalar”, “Hukm” qissalari, “Jimjitlik” va “Ufq” shular jumlasidandir. Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlari aks etgan asarlardan biri Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asari boʻlsa, yana biri “Ufq” trilogiyasidir. Said Ahmad nomini xalqqa tanitgan asar ham aynan shu.
Eʼtiborimga tushgan asar qahramoni Jannat xola edi. Har bir onaning farzandga boʻlgan muhabbati cheksiz albatta, ammo bu maʼsuma insonning muhabbatini taʼriflashga tillar ojizdir. Farzanddan bir shirin soʻz eshitmagan, uning qahramon boʻlishini intiqlik bilan kutgan, hatto bezgak tutib kasal boʻlganda ham uning holiga achinmagan bu oʻgʻilning xudbinligi dilni xira qiladi, kitobxonning gʻashini keltiradi. Asar ichiga tushib qolsa-yu, “ey farzand koʻzingni och, onang kun sayin soʻlib bormoqda, sening bu badbaxtligingga ortiq chiday olmaydi onang shoʻrlik”, desa...
Said Ahmad oʻz talanti va ona xalqiga ishonchi bilan kitobxonlar qalbida abadiy yashaydi.
Zohida Umrzoqova,
OʻzJOKU talabasi