Manish PRABHAT,

Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi:

— Ayni paytda Respublika kunining 73 yilligi nafaqat Hindiston, balki chet ellarda ham koʻtarinki ruhda nishonlanmoqda. Uzoq yillik millat qurilishida Hindiston dunyodagi eng yirik demokratiya, beshinchi yirik iqtisodiyot, kosmik, yadro, axborot texnologiyalari, tibbiyot va boshqa ilmiy va texnologik sohalarda eng yaxshi davlatlar qatorida turib, koʻplab yutuqlarga erishganidan faxrlanadi. Hindiston tashqi siyosati dunyoda tinchlik va barqarorlikni targʻib qilish asosiga qurilgan.

Bu yil Hindiston Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) va “Katta yigirmatalik” raisi boʻlish vazifasini oʻz zimmasiga olgan. Ikkala oʻrinda ham mamlakatimiz inklyuziv iqtisodiy oʻsish, barqaror rivojlanish, pandemiyadan qutulish, moliyaviy barqarorlik, oziq-ovqat, yoqilgʻi, oʻgʻitlar inqiroziga yechim topish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlarda islohotlar qilish kabi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratishga intiladi.

Shu yilning yanvar oyi boshida Hindiston “Global Janub ovozi” onlayn sammitini tashkil qildi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Janobi Oliylari mezbonligi doirasidagi sammitda taniqli ishtirokchilar qatorida boʻldi.

Sammit rivojlanayotgan mamlakatlar masalalariga bagʻishlandi va Hindiston tomonidan “Katta yigirmatalik” raisligi ostida amalga oshirilgan muhim tashabbuslardan biriga aylandi.

Hindiston va Oʻzbekiston strategik hamkorlar sifatida mintaqa va dunyodagi hamkorlikka hissa qoʻshish, terrorizm, Afgʻoniston muammosi, mintaqadagi aloqa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va infratuzilmasini barqaror rivojlantirish kabi zamonaviy muammolarni hal etishga qaratilgan umumiy saʼy-harakatlarga sodiqdir.

Hindiston — Oʻzbekiston oʻzaro savdo hajmi 650 million AQSH dollarini tashkil etdi. Oliy taʼlim, tibbiyot va sogʻliqni saqlash, madaniyat, kino va yoshlar almashinuvi sohalaridagi hamkorligimiz jadal surʼatlar bilan oʻsib bormoqda.

SHHT sammiti doirasida 2022-yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida Bosh vazir Narendra Modi Janobi Oliylari va Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari oʻrtasida samarali uchrashuv boʻlib oʻtdi. Davlat rahbarlari nafaqat ikki tomonlama, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT va Hindiston — Markaziy Osiyo sammitining koʻp tomonlama hamkorligini rivojlantirishga qaror qildi.

Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tiliga tarjimasi yakunlangani haqida oʻquvchilarga mamnuniyat bilan xabar beramiz. Ushbu tarjima Oʻzbekistondagi talabalar va kuzatuvchilarning Hindiston siyosati toʻgʻrisida xabardorligini oshirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, Hindiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2023-yilni “Xalqaro tariq yili” deb eʼlon qilganini maʼlum qilishdan juda xursandmiz. Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti oziq-ovqat muammosi tobora ortib borayotganini hisobga olib, tariq arzon va toʻyimli ozuqa ekanligini tan oladi.

Bu esa oziq-ovqat isteʼmol qilishda tejamkorlik bilan foydalanishni targʻib qilish va barqaror rivojlanishning global harakatiga hissa qoʻshgan holda, agro oziq-ovqat tizimlarini takomillashtirishga undaydi.