Ular sentyabr
oyidan bosqichma-bosqich Buxoro, Qarshi, Samarqand, Qibray, Farg‘ona, Urganch
shaharlari hamda Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlaridagi
Kasbiy ko‘nikmalar markazlari negizida tashkil yetish nazarda tutilgan.
Shuni ta’kidlash joizki,
Buxoro shahri Kasbiy ko‘nikmalar markazida yoshlarni zamonaviy kasblarga
tayyorlash, nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar berish, mehnat
bozori talablariga mos mutaxassislarni shakllantirishga alohida e'tibor
qaratiladi.
Markaz
pedagoglarining kasbiy mahorati respublika miqyosidagi natijalarda ham o‘z
ifodasini topyapti.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti sovrini uchun ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston
bunyodkorlari” milliy kasbiy mahorat tanlovining respublika bosqichida Buxoro
shahri Kasbiy ko‘nikmalar markazining sartaroshlik yo‘nalishi o‘quvchisi Alirizo
Salomov va uning o‘qituvchisi Nozima Achilova, moda texnologiyalari yo‘nalishi
o‘quvchisi Nilufar Salimova va o‘qituvchisi Sayram Ortiqova g‘olib bo‘ldi.
Buxoro
viloyatining tanlovdagi umumiy natijasi ham e'tiborga molik. Respublika
bosqichida viloyat vakillari 3 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza — jami 13
ta medalni qo‘lga kiritib, hududlar orasida medallar soni bo‘yicha ikkinchi
o‘rinni egalladi.
Buxorolik
yoshlar sartaroshlik, moda texnologiyasi — tikuvchilik, oshpazlik, kompyuter
grafikasi, quruq qurilish va suvoq ishlari, yengil avtomobillarga texnik xizmat
ko‘rsatish, payvandlash hamda santexnika yo‘nalishlarida sovrinli o‘rinlarni
qo‘lga kiritdi.
Jumladan,
sartaroshlikda 1- va 2-o‘rinlar, moda texnologiyasi — tikuvchilikda 2- va
3-o‘rinlar, oshpazlikda 2-o‘rin, kompyuter grafikasida 2- va 3-o‘rinlar
egallandi. Quruq qurilish va suvoq ishlarida ikki nafar ishtirokchi 1-o‘rinni
qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yengil avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishda
2-o‘rin, payvandlashda ikki nafar ishtirokchi 3-o‘rin, santexnikada esa 3-o‘rin
qayd etildi.
Tanlovda
ishtirok etgan 13 nafar buxorolik yoshning yuqori natijasi ularning puxta
tayyorgarligi bilan bir qatorda, tajribali ustoz va murabbiylar mehnatining ham
samarasi bo‘ldi.
Malakani
baholash markazlarini tashkil etish esa kasbiy ko‘nikmalarni tan olishning
yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan. Yangi tizim norasmiy va informal
ta’lim hamda amaliy tajriba asosida egallangan ko‘nikmalarni belgilangan
mezonlar asosida baholash va tan olish imkonini kengaytiradi.
Bu esa
fuqarolarning haqiqiy kasbiy salohiyatini tasdiqlash, malakasini
rasmiylashtirish va mehnat bozoridagi imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy tanlovning yana bir muhim jihati shundaki, g‘oliblar va yuqori
natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish
hamda ularni WorldSkills International xalqaro kasbiy mahorat musobaqasiga
tayyorlash rejalashtirilgan, deb xabar beradi Kambag‘allikni qisqartirish va
bandlik vazirligi matbuot xizmati.