Shu bois, bu bebaho san'at haqidagi bilim va tushunchalarni yanada kengaytirish, tarixiy va milliy an'analarni puxta egallagan yosh kadrlarni tayyorlash, ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovasion texnologiya­larni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo'yicha erishilgan ilg'or yutuqlarni tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Madaniyat vazirligi, Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti, O'zbek milliy maqom san'ati markazi hamda O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda O'zbekiston xalq hofizi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, professor Mahmudjon Tojiboevning so'nmas xotirasiga bag'ishlangan  “Yangi nasl maqomshunoslarni tarbiyalashda etuk ustozlarning o'rni (Mahmudjon Tojiboev ijodiy faoliyati misolida)” deb nomlangan onlayn xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya­da aynan shu masalalarga to'xtalib o'tildi.

Mahmudjon Tojiboev maqom ilmi va ijrosini puxta egallagan, g'azal bilimdoni, o'z ortidan maqomchilarning bir necha avlodini  ergashtira olgan ulug' hofiz edi. Uning ijodidan “Saraxbori Navo”, “Saraxbori Dugoh”, “Mo'g'ulchai Segoh”, “Navro'zi Sabo”, “Nimcho'poniy” kabi shashmaqom namunalari, Farg'ona — Toshkent maqom yo'llaridan “Chorgoh”, “Ushshoq”, “Shahnozi Gulyor”, “Bayot”, katta ashula janrida “Yovvoyi Chorgoh”, “Yolg'iz”, “Ey dilbari jononim”, “Topmadim”, “Asiriy”, “Chorzarb” va “Bozurgoniy” singari ko'plab asarlar o'rin olgan. U o'z ovozi, uslubi va ijro yo'liga ega san'atkor sa­naladi.

Konferensiyada madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov maqom san'atining ahamiyati va o'rni, unga yoshlarni keng jalb etish, Mahmudjon Tojiboev ijodi yangi avlod maqomshunoslari uchun tom ma'noda dasturulamal vazifasini o'tashi haqida so'z yuritdi. Anjumanda, shuningdek, O'zbekiston san'at arbobi, Tokio universitetining Koizumi nomidagi xalqaro mukofoti sohibi Otanazar Matyoqubov, etnomusiqashunos olim, professor ­Teodor Levin (AQSH), shashmaqom ustasi, ­O'zbekiston xalq artisti Izro Malakov (AQSH),  ustoz san'atkor, Tojikiston xalq artisti  Jo'rabek Nabiev (Tojikiston), Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli badiiy rahbari, O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, O'zbekiston xalq artisti, “VVS World Music Awards”ning Osiyo mintaqasi bo'yicha vakili Munojot Yo'lchieva, Ardahan universiteti professori Erdog'an Altinkaynak  (Turkiya), Tehron konservatoriyasi professori Meron Mehrniya (Eron), Ozarbayjon xalq konservatoriyasi bo'lim mudiri Mubariz Aliev singari mashhur maqomshunos va mutaxassislar qatnashdi, fikr-mulohazalarini bildirdi.

Turkiyaning Ardahan universiteti go'zal san'atlar fakul`teti turk milliy musiqasi bo'limi katta o'qituvchisi Yusuf Altin o'zbek va turk maqomlarining umumiy va farqli jihatlarini “Segoh” misolida ko'rsatib berdi va undan parcha ijro etdi. Konferensiya­da maqomshunos-amaliyotchilarning “Mahmud — usta hofiz”, “Mahmudjon Tojiboevni xotirlab”, “Maqomchilar tayyorlash va o'qitish metodikasi xususida”, “Turkiy xalqlar maqomlari xususida”, “Eronda maqom va dastgohlar”, “Shashmaqomning Afg'onistonda ijro etilish tarixi”, “Xorazm dutor maqomlarining olti yarim maqomdan farqli tomonlari” mavzularidagi ma'ruzalari qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada kelgusida zamonamizning Mahmudjon Tojiboev kabi ulkan maqomshunoslari xotirasini abadiylashtirish, ular merosidan yosh avlod vakillarini tarbiyalashda unumli foydalanish, maqomshunoslarning yangi avlodini shakllantirish, bu borada xalqaro aloqalarni tizimli yo'lga qo'yish kabi masalalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.