Margʻilonda yashirin ohak ishlab chiqarish sexi aniqlandi

    Fargʻona viloyatining Margʻilon shahridagi “Kichik sanoat zonasi” hududida fuqarolar noqonuniy ohak ishlab chiqarish sexi faoliyatini yoʻlga qoʻyib, tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalangani fosh etildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

    Qayd etilishicha, joylarda Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika va hududiy shtablar tomonidan energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.

    Xususan, Margʻilon shahri “Kichik sanoat zonasi” hududidagi noturar joyda fuqaro T.M. va boshqalar oldindan jinoiy til biriktirib, noqonuniy ohak ishlab chiqarish sexi tashkil qilib, qoʻlbola gaz qurilmalarini (gorelka) oʻzboshimchalik bilan yer ostidan oʻtgan oʻrta bosimli gaz quvuriga yashirin ravishda ulab, 5 mlrd. 604 mln. soʻmlik 2 mln. 155 ming kub metr tabiiy gazni oʻgʻirlagan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqarolar T.M., K.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.

    Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda, — deyiladi xabarda.