Buni yangi O'zbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-ma'rifiy sohalaridagi tub islohot va evrilishlarda ham ko'rish mumkin. Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning tashabbusi va xalqimiz birdamligida qabul qilingan “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi” asosidagi yangilanishlar tom ma'noda, xalqimiz hayotidagi farovonlik va mamlakat taraqqiyotida o'z bo'y-bastini ko'rsata boshladi.
So'nggi to'rt yilda yurtimizda birgina diniy-ma'rifat, ta'lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganida ham fikrimiz isboti bor. Binobarin, mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar o'rtasida o'zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo'llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni ta'minlashga qaratilgan izchil va puxta o'ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to'liq qo'llab-quvvatlanmoqda.
e'tiborlisi, 2017 yili 19 sentyabrda N`yu-York shahrida bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O'zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.
O'zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi — barcha uchun ta'lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda bag'rikenglik va o'zaro hurmatni o'rnatish, diniy erkinlikni ta'minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslikka muhim ahamiyat qaratilgan.
“Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” to'g'risidagi rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e'tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma'rifat, ta'lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Ta'kidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, ta'lim olishi, mehnat qilish va o'z iqtidorini namoyish etish va o'z diniy e'tiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda O'zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bag'rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelishmoqda. Turli millat va din vakillarining har qanday tajovuzdan bexavotir o'z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihatdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, “Mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. Bag'rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash O'zbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan biri etib belgilandi. Bularning barchasi hayotda o'zining to'liq ifodasini topdi”.
Darhaqiqat, Bosh Qomusimizning 4-moddasida O'zbekiston davlati o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va an'analari hurmat qilinishini ta'minlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko'rsatib o'tilgan bo'lsa, 18-moddada mamlakatimizda jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, barcha qonun oldida tengligi belgilab qo'yildi.
Ayniqsa, so'nggi yillarda ko'plab sohalar kabi millatlararo totuvlik va bag'rikenglik siyosati yangi bosqichga ko'tarildi. Diniy-ma'rifat, ta'lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Zero, yurtimizda turli millat va konfessiyalar o'rtasida o'zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo'llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni ta'minlashga qaratilgan izchil va puxta o'ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to'liq qo'llab-quvvatlanmoqda. O'zbekiston amaliyoti va tashabbuslari jahon hamjamiyatida e'tirof etilyapti.
2017 yil 19 mayda Prezidentimizning “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat orqali xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash kabi masalalarning ustuvor yo'nalish sifatida belgilanishi ham davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashda muhim asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya, 153 ta milliy-madaniy markaz, 38 ta “Do'stlik” jamiyati vakillari, 2276 ta diniy tashkilot (xususan, tegishli tartibda davlat ro'yxatidan o'tgan noislomiy diniy tashkilotlarning 157 tasi xristianlik tashkiloti, 8 tasi yahudiylik jamoasi, 6 ta Bahoiylik, 1 ta Krishnachilik jamiyati va 1 ta buddaviylik ibodatxonasi, shuningdek, O'zbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati) teng huquqli hamda o'zaro hamjihatlik sharoitida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz ta'lim muassasalarida o'qish 7 ta tilda olib borilmoqda. Teleradioko'rsatuv va eshittirishlar 12 ta tilda efirga uzatilib, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilyapti. Respublikamizdagi turli elatlarning milliy markazlari davlat tadbirlari va umumxalq bayramlarida faol ishtirok etib keladi. Mustaqillik bayramiga bag'ishlab o'tkaziladigan “O'zbekiston — umumiy uyimiz”, “Vatan bitta, Vatan yagona”, “Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi festivallar millatlararo do'stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Ularning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta'minlash, ta'lim olish, kasb-hunar egallashi, millatiga xos an'ana hamda qadriyatlarini hurmat qilish, rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan. Turli millat va din vakillarining har qanday tajovuzdan bexavotir o'z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat.
Bu jihatni Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning 2020 yilning 29 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida millatlararo munosabatlar masalasiga alohida e'tibor qaratganliklaridan bilsak bo'ladi. Davlatimiz rahbari o'z nutqida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag'rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni qayd etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul` – Xalqaro do'stlik kuni sifatida keng nishonlanishi, shu bois mazkur sanani O'zbekistonda “Xalqlar do'stligi kuni” deb belgilashni taklif etgani yurtimizda istiqomat qiluvchi ko'p millatli fuqarolarimizni benihoya quvontirdi.
O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan bu kabi ezgu g'oyalar dunyoning nufuzli siyosatchilari, davlat va jamoat arboblari tomonidan ham ko'tarinkilik bilan kutib olinmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Bosh komissari Zayd al-Husayn o'z interv`yusida bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik bo'lib turgan tahlikali zamonda O'zbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik va diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar turli davlatlar uchun o'rnak bo'lishga loyiq ekanligini qayd etib o'tdi.
Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik sohasida ijobiy va o'zaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi tizimi yaratildi. Mazkur tizim turli millat va din vakillari o'rtasidagi millatlararo va dinlararo muloqot, konstruktiv yondashuv va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslanadi.
Ming yillar davomida Buyuk Ipak yo'lining muhim chorrahasi sifatida dovruq qozongan yurtimizning rivojlanishida xalqimizga xos bag'rikenglik, mehmondo'stlik, o'zga madaniyat vakillariga hurmat tuyg'ulari asosiy omillardan bo'lgani tabiiy. SHuning uchun bugungi kunda ham o'lkamizda turli xalqlar urf-odat va an'analari o'zaro uyg'unlikda rivojlanib bormoqda. Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan diniy ma'rifat sohasida olib borilayotgan o'tkir siyosat haqiqiy ma'noda, dunyo mamlakatlarida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning asosi bo'lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Shuhrat YOVQOCHEV,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori, professor