Anjumanning maqsadi — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, ularda Vatanga sadoqat, oʻzbek milliy qadriyatlariga hurmat, vatanparvarlik ruhini kuchaytirish hamda Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati mohiyati va maqsadlarini tushuntirishdan iborat. Xorijda tahsil olayotgan yoshlarga mutaxassisliklari boʻyicha mamlakatimizni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini oʻrganish va amaliyotga joriy qilishga koʻmaklashish, oʻqishni tugatib qaytganlaridan soʻng ular uchun munosib mehnat faoliyatini tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

— Hech qaysi davlat oʻz-oʻzidan buyuk boʻlib qolmaydi. Mamlakat isteʼdodli va salohiyatli yoshlari bilan qudratlidir, — dedi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashi aʼzosi Minhojiddin Mirzo. — Shu maʼnoda, Prezidentimiz tashabbusi bilan navqiron avlodni yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, ilm-fanga innovatsion gʻoya va texnologiyalar olib kirishga qodir mutaxassis qilib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz yashayotgan bu zamonlar, sizga nasib etgan bu imkonlar ne-ne insonlarga armon boʻlib qolgan.

Darhaqiqat, roppa-rosa bir asr ilgari maʼrifarparvar bobolarimiz oʻz hisobidan millat yoshlarini xorijga oʻqitishga yuborishgan. Bu ulugʻ zotlarning maqsadi, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, jaholat va qoloqlik girdobida qolgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilgʻor kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yoʻliga olib chiqishdan iborat boʻlgan.

Zamon bizdan maʼrifatparvar jadidlarga izdoshlik maqomida fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda. Jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida tayyorlash va malakasini oshirish Oʻzbekistonning har tomonlama jadal rivojlanishi uchun nihoyatda zarur. Seminarda dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi eng nufuzli taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida tahsil olish va stajirovka oʻtash baxti nasib etgan yurtimiz yoshlariga hech bir lahzani bekor oʻtkazmay mamlakatimizdagi Uchinchi Rennesans poydevorini barpo etish jarayoniga munosib hissa qoʻshishlari muhimligi taʼkidlandi.

Maʼlumot oʻrinida aytish mumkinki, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan bir necha yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan stipendiya tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarning Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi, maʼnaviy bilimi darajasini aniqlash boʻyicha suhbat dasturi ishlab chiqilgan. Suhbat jarayonida olimlar, madaniyat va sanʼat arboblari, yozuvchi va shoirlar ishtirok etishadi.

Seminar qatnashchilari taniqli professorlar, yuqori martabali shaxslar, senator va vazirlardan qiziqarli maʼruzalar tingladilar. Oliy Majlis Senati, “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Adiblar xiyoboni”, “Qatagʻon qurbonlari muzeyi” kabi diqqatga sazovor manzillarga sayohat uyushtirilmoqda.

— Maʼruzalardan soʻng hammamiz Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasiga bordik, — deydi AQSHning Minnesota universiteti talabasi Shahzoda Ikromova. — U yerda “Qatagʻon qurbonlari” muzeyida boʻldik. Mana, qarang, Vatanimni taraqqiy ettiraman, degan insonlar sobiq tuzum davrida qanday mashaqqatlarga duchor etilgan. Hatto jismoniy yoʻq qilishgacha borilgan. Bugun esa mustaqil davlatimiz biz yoshlarga oʻqib-oʻrganishimiz uchun har tomonlama shart-sharoit yaratib bermoqda. Oʻquv seminari hamda ekskursiyalar orqali oʻzimizdagi tarixiy bilimlarni yanada boyitdik. Jadid bobolarimiz haqida koʻproq maʼlumotlarga ega boʻldik.

Bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglariga kirgan University of Oxford, University of Cambridge, University College London, Imperial College London, Columbia University, Cornell University va boshqa shu kabi nufuzli universitetlarda mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklar boʻyicha 500 ga yaqin stipendiatlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirmoqda.

— Iqtisodiyot va sunʼiy intellekt yoʻnalishi boʻyicha magistraturada tahsil olyapman, — deydi AQSHning Duke universiteti talabasi Abdumalik Abduqayumov. — Yozgi taʼtil davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiantlari uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv-seminar boshqa davlatlarda oʻqiyotgan talabalar bilan tajriba va fikr almashish imkonini bergani bois menga maʼqul boʻldi.

Hammamizga maʼlumki, hozirgi kunda axborot va maʼlumotlar bilan ishlash yanada tezlashgan. Shu sababdan sunʼiy intellekt boʻyicha dunyoda koʻplab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Abdumalik oʻzi tahsil olayotgan universitetda ham sunʼiy intellektni iqtisodiyot bilan bogʻlagan holda foydali dasturlar yaratyapti. Oʻzbekistonga qaytib kelganida, albatta, Vatan ravnaqi uchun mana shunday strategik dasturlar ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish istagida izlanmoqda.

Yoshlarimiz dunyoning qaysi mamlakatida tahsil olmasin hamisha Prezidentimiz mehrini, ishonchi va umidini his qilib yashamoqda. Universitetdagi shartnoma summasi, kundalik yashash chiqimlari bilan bogʻliq barcha xarajatlar davlatimiz rahbari eʼtibori asosida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan qoplab berilyapti. Ular yoshlar taʼlimini davlat siyosati darajasiga koʻtargan Prezidentimizdan minnatdor ekanliklarini, kelajakda bildirilgan eʼtibor va ishonchni yuksak darajada oqlash uchun bor imkoniyatlarini ishga solib ilm olayotganliklarini faxr bilan aytib oʻtishdi.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Respublika Maʼnaviyat-targʻibot markazi xodimi