Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining joriy yil 6 oylik faoliyat yakunlari va yilning II yarmidagi rejalari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Anjumanda markaz direktori Shovosil Ziyodov sohada amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida “Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya”si tanlovining xorijiy tadqiqotchilardan iborat 3 nafar gʻolibi markazda stajirovka oʻtadi.  

Markaz Avstriya Fanlar akademiyasi huzuridagi Eronshunoslik instituti, Qozogʻiston Respublikasi R.Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti va Moskva shahridagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar mahalliy diniy muassasasi bilan 3 ta Anglashuv memorandumini imzoladi.  

Markaz tomonidan nashr qilingan kitoblarning Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Al-Azhar kutubxonasi va Arab qoʻlyozmalari instituti, Samarqand shahrining Registon maydonidagi Mirzo Ulugʻbek  madrasasida  bir qator xalqaro taqdimotlari oʻtkazildi.  

Shuningdek, Bruney Darussalom islom universiteti huzuridagi Ahli sunna val jamoa tadqiqotlar markazi, Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh texnologiya universiteti, Turkiyaning Marmara universiteti, Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda oʻndan ortiq ilmiy-maʼrifiy seminar oʻtkazildi. 

Yurtimizda kitob fondlarida saqlanayotgan islom taʼlimoti, tarixi va madaniyatiga oid qoʻlyozma asarlarni dolzarbligi boʻyicha tasniflash va ularni oʻrganish, Oʻrta Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini jamlash va tadqiq etish yoʻnalishida tizimli ishlar qilindi. Joriy yilning yarmida Imom Buxoriy qalamiga mansub 22 nomdagi asarlarning 3 ming 296 ta qoʻlyozma nusxasi dunyoning 41 ta mamlakatidagi 260 ta kutubxona fondlarida saqlanayotgani aniqlandi va davlatlar kesimida reyestri tuzildi.  

Imom Buxoriyning “Jomiʼ as-sahih” asarining xorijiy davlatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 60 ta qoʻlyozma nusxalarining elektron varianti yuklab olindi. “Jomiʼ as-sahih” asarining 18 ta qoʻlyozma nusxasi hamda markaz fondida saqlanayotgan 76 ta qoʻlyozma asar annotatsiyasi tayyorlanib, ulardan 36 tasi markaz saytiga joylashtirildi.  

Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari  boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov Markazdagi ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tahlilini keltirdi.

Unga koʻra, tarix, falsafa, islomshunoslik va dinshunoslik ixtisosliklari boʻyicha dolzarb mavzularda 14 nafar xodim falsafa doktori (PhD) va 3 nafar xodim fan doktori (DSc) dissertatsiyalari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Shuningdek, markaz tomonidan “Imom Buxoriy saboqlari” (maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy) jurnalining 2022-yil 4-soni, 2023-yil 1-, 2-, 3-sonlari nashr etildi.

Ulugʻ alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 17 ta asar tarjima va tahrir qilinib, nashrga tayyorlandi.

Oʻz muxbirimiz.