Markaziy bank bank kartalarini qo'llashda xavfsizlik choralarini ko'rish yuzasidan tavsiyalar berdi 

    Raqamlashtirish 9 Yanvar 2021 1075

    Tavsiya etilayotgan xavfsizlik choralari maksimal darajada bank kartalaridagi jamg'armalar saqlanishiga xizmat qiladi va ruxsatsiz ishlatilishining oldini oladi.

    Bankomatlarda:

    Bank kartasidan foydalangan holda operatsiyalarni amalga oshirish uchun bankomatni tanlashda sizga yaqin joyda shubhali shaxslarning yoʻqligiga eʼtibor berishingiz kerak. Agar bunday shaxslar boʻlsa, siz bu yoki boshqa bankomatdan foydalanish uchun qulayroq vaqtni tanlashingiz kerak.

    Uchinchi shaxslarning maslahatiga quloq solmang va bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ularning yordamini qabul qilmang.

    Bankomatni ishlatishdan oldin uning PIN-kod teriladigan joyida va kartalarni qabul qilish uchun moʻljallangan joyida (uyada) joylashgan dizayniga mos kelmaydigan qoʻshimcha qurilmalar (masalan, notekis oʻrnatilgan PIN-kod terish klaviaturasi) mavjudligini koʻzdan kechiring. Agar qoʻshimcha qurilmalar mavjud boʻlsa, bunday bankomatdan foydalanishdan voz keching va bankomatda koʻrsatilgan telefon orqali bank xodimlariga shubhalaringiz haqida xabar bering.

    Bankomatga bank kartasini kiritish uchun jismoniy kuch ishlatmang. Agar bank kartasi kiritilmasa, bunday bankomatdan foydalanmang.

    PIN-kodni kiritayotganda yaqin atrofdagi odamlar uni koʻrmasligi uchun klaviaturani qoʻlingiz bilan yoping.

    Bankomatdan naqd pul olgandan soʻng, banknotalarni birma-bir sanang, bank kartasi qaytishini kuting va kvitansiyani oling, ularni sumkaga (hamyonga, choʻntakka) soling va shundan keyingina bankomatni tark eting.

    Bankomat tomonidan chop etilgan kvitansiyalarni ularda koʻrsatilgan summalarni keyinchalik bank hisobvaragʻi bilan taqqoslash uchun saqlab qoʻying.

    Agar bankomat toʻgʻri ishlamasa (masalan, u uzoq vaqt kutish rejimida boʻlsa, oʻz-oʻzidan qayta oʻchib yoqilsa), siz bunday bankomatdan foydalanmang, klaviaturadagi “Otmena” tugmachasini bosib, amaldagi operatsiyani bekor qiling va bank kartasining qaytishini kuting.

    Agar bank kartasi bilan operatsiyalar paytida bankomat bank kartasini qaytarib bermasa, bankomatda koʻrsatilgan telefon raqami orqali tegishli bankka murojaat qiling va holatni tushuntiring. Shuningdek, siz bank kartasini chiqargan bank bilan bogʻlanib, bank xodimining koʻrsatmalariga amal qilishingiz kerak.

    POS-terminallarda:

    Bank kartasi bilan operatsiyalarni faqat oʻzingizning huzuringizda boʻlishini talab qiling. Bu sizning bank kartangizda koʻrsatilgan shaxsiy maʼlumotlaringizni qonunga xilof ravishda ishlatilish xavfini kamaytiradi.

    Tovarlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish uchun kassirning iltimosiga binoan PIN-kodni kiritayotganda, yaqin atrofdagi odamlar buni koʻra olmasligiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Bunda PIN-kod kiritilishida POS- terminalning klaviaturasini qoʻllaringiz bilan toʻsishingiz kerak.

    POS-terminalga PIN-kodni kiritishdan oldin, kuzatuv kamerasi POS-terminalga yoʻnaltirilmaganligiga eʼtibor bering.

    Agar operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan boʻlsa, terminal ekranida (odobreno) xabar paydo boʻladi va kvitansiyaning birinchi nusxasi avtomatik ravishda (kassir uchun) va “ENTER” tugmachasini bosgandan soʻng kvitansiyaning ikkinchi nusxasi (mijoz uchun) chop etiladi.

    Chekni olgandan soʻng, chekda koʻrsatilgan summani tekshirishni unutmang.

    Agar bank kartasi orqali toʻlashga urinish paytida “Otkloneno” degan xabar paydo boʻlsa, terminal tomonidan chiqarilgan kvitansiyaning bitta nusxasini bank bayonotida koʻrsatilgan operatsiyaning yoʻqligini tekshirish uchun saqlashingiz kerak.

    Agar toʻlov tizimi kontaksiz interfeysga ega kartalarni qoʻllab-quvvatlasa, xavfsizroq toʻlov usuli sifatida kontaktsiz toʻlov usulidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

    Tovarlarni sotish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha har bir punktda ushbu toʻlov tizimlarining kartalari qabul qilinishi toʻgʻrisida xabar beruvchi stikerlar oʻrnatilishi mumkin. Stikerlar koʻrinarli joylarga (kirish eshiklari, derazalar, ustunlar va boshqalarga) joylashtirilishi mumkin.

    Savdo va xizmatlar koʻrsatadigan tashkilotlarda bank kartalaridan foydalanganda hushyor boʻling.