Axborot texnologiyalari keng qoʻllanilayotgan hamda moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarda masofaviy xizmat koʻrsatish kanallari kengayib borayotgan hozirgi sharoitda ishonuvchan hamda moliyaviy savodxonlik darajasi yetarli boʻlmagan fuqarolarga nisbatan firibgarlik harakatlari kuzatilmoqda.

Bu kabi firibgarlik holatlari bank kartasi egasining xabarisiz uning karta hisobvaragʻidan pul mablagʻini yechib olish, parol va PIN-kodlarni oʻgʻirlash va boshqa noqonuniy faoliyat turlari bilan bogʻliq.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlikning quyidagi belgilaridan ogoh boʻlishga chaqiradi:

1. Ishontirish maqsadida oʻzini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki biron savdo tashkilotining xodimi sifatida tanishtiruvchi begona shaxslardan qoʻngʻiroq boʻlishi, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xabarlarning kelib tushishi;

2. Turli sovgʻalar gʻolibiga aylanish, sizning foydangizga har qanday mablagʻlarni oʻtkazib berish yoki tovar va xizmatlarni jozibador shartlarda sotib olish kabi goʻyoki juda foydali va kutilmagan imkoniyatlarning taklif etilishi;

3. Yutuqlarni keyinchalik bank kartasiga oʻtkazib berish sharti bilan turli xil soʻrovlar va lotereyalarda ishtirok etish taklif qilinishi;

4. Yutuqlarni qabul qilish yoki tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida turli mobil ilovalarni oʻrnatish yoki havolalar orqali bank kartangiz yohud shaxsiy maʼlumotlaringizni kiritish toʻgʻrisida takliflar berilishi;

5. Hisobvaragʻingizdagi pul mablagʻlari yoʻqolishi mumkinligi haqida qoʻrqitish va tezkor qaror qabul qilishga majburlovchi ruhiy bosim oʻtkazish holatlari;

6. Hisobingizga xatolik bilan pul mablagʻi oʻtkazib yuborilganligi va ushbu mablagʻlarni qaytarishni soʻrab qoʻngʻiroq qilish holatlari.

“Telefon firibgarlari” oʻylash uchun vaqt qoldirmay, turli gaplar bilan chalgʻitib, karta maʼlumotlaringizni ayyorlik bilan qoʻlga kiritadi yoki yolgʻonlariga ishontirib, pul mablagʻlarini ularga oʻz xohishingiz bilan oʻtkazib berishga undaydi.

Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlarning turli bahonalar bilan bank kartangiz maʼlumotlarini (karta raqami, PIN-kod, shuningdek, SMS-kod va boshqa shaxsiy maʼlumotlar) bilib olishga urinishlariga javob bermaslikka chaqiradi.

Shuningdek, bank xodimlari qoʻngʻiroq qilish, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlarda xabar yuborish orqali bank kartasi egasidan uning kartasiga tegishli va boshqa shaxsiy maʼlumotlarni soʻramasligini maʼlum qilamiz.

Firibgarlar “tuzogʻi”ga tushib qolishning oldini olish va mablagʻlaringiz xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish xizmati quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • Oʻzini bank, huquqni muhofaza qilish idorasi yoki biron savdo tashkiloti xodimi deb tanishtirgan notanish fuqarolardan qoʻngʻiroq boʻlganda, ularning soʻzlariga yoki koʻrsatmalariga amal qilishga shoshilmang va shaxsiy maʼlumotlaringizni oshkor qilmang. Yaxshisi, suhbatni tugating va qoʻngʻiroq qiluvchilar aytgan tashkilot bilan qayta bogʻlanib, ular tomonidan sizga berilgan maʼlumotlarning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekaniga aniqlik kiriting;
  • Har qanday sharoitda ham bank kartangiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (karta raqami, PIN-kod, bank kartasining old qismi rasmlari) hamda oʻz shaxsiy maʼlumotlaringizni begona fuqarolarga oshkor qilmang va yubormang;
  • Oʻzingizga tegishli boʻlgan bank kartasi maʼlumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilmang;
  • Maxfiy maʼlumotlarni kiritishingiz, roʻyxatdan oʻtishingiz kerak boʻlgan saytlarda HTTPS:// prefiksi mavjudligini tekshiring;
  • Agar tashkilotlarning sayti yoki sahifasi haqiqiyligiga shubha qilsangiz, ushbu tashkilot bilan bogʻlaning va maʼlumotlarga aniqlik kiriting;
  • Imzolanadigan barcha hujjatlarni diqqat bilan oʻqing, koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini qayta tekshiring;
  • Ushbu oddiy tavsiyalarni yoshi ulugʻ qarindoshlaringiz va oʻsmirlarga tushuntirib boring.