Markaziy bank iOS foydalanuvchilari uchun mobil ilovani ishga tushirdi

    Moliya 17 Fevral 2021 483

    Mobil ilova rasmiy veb-sayt foydalanuvchilariga qoʻshimcha qulaylik yaratib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining barcha axborot va interaktiv xizmatlarini qulay formatda taqdim etadi.

    Mobil ilovada asosiy pul koʻrsatkichlari haqidagi yangiliklar va maʼlumotlardan tashqari valyuta kursini sana boʻyicha saralash funksiyasi yordamida osongina topish, shuningdek, eng koʻp soʻraladigan savollarga javoblar va boshqa imkoniyatlardan foydalanish mumkin.

    Ilovada Oʻzbekistonning geografik xaritasida joylashuvi koʻrsatilgan bank infratuzilmasi obyektlarining interaktiv xaritasi mavjud. Modul yuborilgan lokatsiya (manzil) boʻyicha eng yaqin joylashgan kredit tashkilotlari va ularning filiallarini, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, bankomatlar, shu jumladan, kunu-tun ishlaydigan koʻp funksiyali oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish punktlarini topish va foydalanuvchi joylashgan joydan tanlangan obyektgacha boʻlgan masofani aniqlash imkonini beradi. Unda manzil, ish vaqti, telefon raqamlar va fotosuratlar aks etadi.

    Ilova orqali jismoniy va yuridik shaxslar Markaziy bankka ariza bilan murojaat yoʻllashlari, banklarda uchrayotgan muammolarni hal etish uchun oʻz shikoyatlarini joylashtirishlari mumkin. Shu bilan birga, yuborilgan murojaatlarning qay holatda ekanligini kuzatish mumkin.

    Mobil ilovada bank tizimining huquqiy asoslari bazasi joylashtirilgan. Bazadan kengaytirilgan filtr orqali kerakli hujjatlarni tez va oson topish, maʼlumotlarni yuklab olish yoki onlayn oʻqish mumkin.

    Ilovaning yana bir afzalligi push-xabar xizmatining mavjudligidir. Bu xizmat yangi axborot materiallari va valyuta kursidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida avtomatik ravishda xabar berib turadi. Ilova sozlamalarida ixtiyoriy ravishda barcha xabarnomalarni oʻchirib qoʻyish yoki faqat kerakli maʼlumotlar xabarini yoqish mumkin.

    Bundan tashqari, mazkur mobil ilovada Markaziy bank veb-saytidagi http://www.cbu.uz barcha maʼlumotlar bazasiga oid qidiruv moduli mavjud. Shunday qilib, dastur saytning toʻliq kontentini va barcha interaktiv xizmatlarini oʻz ichiga oladi.

    Mobil ilova foydalanuvchilarning barcha ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaratilib, oʻzbek (kirill va lotin), rus va ingliz tillarida yuritiladi.