Markaziy bank: "Kiritilayotgan o‘zgartirishlar valyuta operatsiyalarini cheklamaydi" 

    O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha bildirilayotgan taklif va mulohazalarga munosabat bildirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qarorlari talablariga muvofiqlashtirish hamda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan loyiha tayyorlanib umumxalq muhokamasiga qoʻyildi.

    Taʼkidlash joizki, mazkur hujjatga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar valyuta operatsiyalarini cheklash yoki qatʼiylashtirishni emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini yanada soddalashtirish, tarqoq normalarni umumlashtirishni nazarda tutadi.

    Xususan, loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:

    • yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish;
    • amaldagi normalarni turli xil talqin qilish holatlarining oldini olish maqsadida, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda banklarga taqdim qilinishi lozim boʻlgan hujjatlarni aniq belgilash;
    • chet el valyutasini sotib olish buyurtmanomalarini koʻrib chiqish jarayonini soddalashtirish;
    • xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda norezident jismoniy shaxslarga valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish;
    • bank kassalari orqali mijozlarga naqd chet el valyutasini chiqim qilish bilan bogʻliq normalarni umumlashtirish.

    Markaziy bank barcha ommaviy axborot vositalariga mazkur loyiha yuzasidan bildirilgan takliflar uchun oʻz minnatdorchiligini bildiradi va ushbu takliflar loyihani yanada takomillashtirish davomida koʻrib chiqilishini maʼlum qiladi.