Mazkur loyiha doirasida moliyaviy xizmatlarni tanlash va ulardan foydalanish, shuningdek, oqilona va masʼuliyat bilan moliyaviy qarorlar qabul qilish hamda moliya bozoridagi imkoniyatlarni toʻgʻri baholashga yordam beruvchi bilim va koʻnikmalarni shakllantirish vazifalari belgilangan.

Axborot-taʼlim veb-sayti foydalanishga oson va qulay boʻlgan quyidagi boʻlimlardan iboratdir:

Maqolalar – moliya bozorining turli sohalari va mahsulotlarini qamrab oluvchi dolzarb axborot materiallari (omonatlar, kreditlar, byudjetni rejalashtirish, toʻlovlar va oʻtkazmalar, moliya bozori, pul-kredit siyosati, valyutani tartibga solish va moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish);

Oʻquv materiallari – iqtisod, bank va moliya sohasiga oid atamalarni oʻz ichiga oluvchi lugʻat, moliyaviy savodxonlik boʻyicha kitoblar hamda taʼlim videomateriallari;

Interaktiv xizmatlar – depozit va kredit kalkulyatorlari, koʻp beriladigan savollar, soʻrovlar va boshqalar;

Loyihalar – aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar anonsi va relizlari.

Materiallarda berilgan maʼlumotlar tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, ular moliyaviy savodxon shaxsning xulq-atvori va koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Sayt tarkibi dastlabki bosqichda boʻlib, kelgusida doimiy ravishda yangilanib va takomillashtirib boriladi.