«Oltin narxining jahon bozoridagi oʻzgarishi 30 foiz atrofida kuzatilgan boʻlsa, iqtisodiyotimizga 30 foiz qoʻshimcha daromad kirdi. Ishlab chiqaruvchilarimiz bugungi kungacha 24 trillion soʻm qoʻshimcha daromad oldi.
Oltinni sotish, sotib olish masalasida “Oʻzbekiston bir oyda shuncha oltinni sotib yubordi” degan fikrlarni ijtimoiy tarmoqlarda ham oʻqib qolaman. Bir narsani toʻgʻri tushunish kerak. Bu Markaziy bankning siyosati. Bizning maqsadimiz oltinni jahon bozori narxida oʻsha oyda ishlab chiqaruvchidan sotib olish. Uni sotishdan maqsadimiz esa, bizning oʻz prognozlarimiz borligi bilan bogʻliq. Narx koʻtarilganida biz uni sotib, maʼlum jihatdan iqtisodiyotimizga, eng avvalo Markaziy bankka, Markaziy bank orqali iqtisodiyotga qoʻshimcha daromad olishni maqsad qilamiz.
Lekin buni eksport bilan bogʻlash maʼlum jihatdan sal notoʻgʻriroq. Eksport haqida gapirganimizda doimo Markaziy bankda ham, hukumatda ham xoʻjalik subyektlarining bevosita qilgan eksporti toʻgʻrisida gaplashamiz.
Agar oltin narxi tushib ketsa va biz keyinchalik oltin narxi koʻtarilishini kutadigan boʻlsak, yaʼni shuni tahlil qilayotgan boʻlsak, oltin ham sotib olamiz. Bu Markaziy banklarning bajaradigan normal holati.
Biz oltin-valyuta zaxiramiz tarkibini oʻzgartirib turish vakolatiga egamiz va buni mustaqil ravishda ajratamiz. Agar oltin narxi jahon bozorida tushib ketadigan boʻlsa va biz kelgusida oltin narxi oshishini kutayotgan boʻlsak, oltinni sotmasligimiz ham mumkin. Bu degani bizning oltin-valyuta zaxiramizning umumiy hajmi oʻzgarmaydi, faqat tarkibi oʻzgaradi. Oltin qismi koʻpayadi, valyuta qismi kamayadi. Shunday tamoyil bilan Markaziy bank oʻz ishini tashkil qilgan», deya Markaziy bank raisi
Oʻzbekiston 2020-yilning iyul oyida oltin sotish boʻyicha dunyoda mutlaq yetakchi boʻlgan, mamlakat 11,6 tonna oltin sotgandi.
Sentyabr oyi boshlarida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari may oyidan buyon birinchi bor qisqargandi. Mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentyabr holatiga koʻra, 34,6 milliard dollarni, xalqaro zaxiralar – 33,8 milliard dollarni tashkil etgandi. Pandemiya davrida Oʻzbekiston oʻz oltinlarini faol sotishi kuzatildi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablagʻlarni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yoʻnaltirish mumkinligini aytgandi.
Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentyabr oyiga nisbatan 1,2 milliard dollarga kamayib, 1-oktyabr holatiga koʻra 33,4 milliard dollarni, xalqaro zaxiralari 32,7 milliard dollarni tashkil etdi.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil yanvar–sentyabr oylarida Oʻzbekiston 5,8 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Maʼlumotlariga koʻra, 2019-yil yanvar–sentyabr oylariga nisbatan oʻsish 45,7 foizni tashkil etgan. 2020-yil yanvar–sentyabr oylarida Oʻzbekiston eksport tarkibida oltinning ulushi 46,5 foizga teng boʻldi.