Saralash bosqichi tanlov tashkiliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkazildi va quyidagilarni oʻz ichiga oldi:

dastlabki saralash – har bir tanlov loyihasini texnik talablarga muvofiqligini koʻrib chiqish (ishlab chiqilgan elementlar boʻyicha toʻliq maʼlumotlarni va ahamiyatini aks ettiruvchi konsepsiya; imzolangan ariza; yuborilgan arizada barcha hujjatlarning ilova qilinganligi).

Natijada 508 ta ijodiy loyiha tanlab olindi va ularning har biriga maxfiylikni taʼminlash maqsadida individual shifr raqamlari berildi.

Texnik ekspertiza – shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov mezonlariga muvofiqligi boʻyicha tekshirildi. Natijada 54 ta shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov hakamlar hayʼatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etildi.

Tanlovning yakuniy bosqichida shifrlangan loyihalar Markaziy bank, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Intellektual mulk agentligi vakillari tomonidan baholandi.

Hakamlar hayʼati aʼzolari tanlov ishlarini quyidagi mezonlarga muvofiq baholadi:

▪️oʻziga xoslik (unikal) va originallik;

▪️universallik;

▪️oson tanib olinishi;

▪️ramziy va farqli jihatlari;

▪️soʻm ramzining turli formatlarda grafik qoʻllanilishining qulayligi.

Tanlov natijalariga koʻra, hayʼat tomonidan Oʻzbekiston milliy valyutasi – “soʻm”ning oʻziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ loyiha sifatida Jumagaldiyev Sarvar tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olindi.

Gʻolibni tabriklaymiz! Taqdirlash marosimi sanasi boʻyicha maʼlumot gʻolibga shaxsan eʼlon qilinadi. Barchaga ishtirok uchun minnatdorchilik bildiramiz!

Maʼlumot uchun: keng jamoatchilikni pul birligi ramzini yaratishga jalb qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan Milliy valyuta “Soʻm ramzi”ni ishlab chiqish boʻyicha tanlov joriy yilning 8-fevralidan 31-martiga qadar oʻtkazildi. Joriy yilning 1-aprel holatiga milliy valyuta ramzini ishlab chiqish boʻyicha oʻtkazilgan tanlovga yuborilgan arizalarning umumiy soni 17 mingdan ortiqni tashkil etdi.