Markaziy bank va “Trend micro” oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

    Sanoat 1 Iyun 2023 800

    Markaziy bankda “Trend micro” kompaniyasi hamkorligida “Moliya sohasida axborot xavfsizligi” mavzusida oʻquv-trening boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda bugungi kunda axborot va kiberxavfsizlikning dolzarbligi ortib borayotganligi qayd etilib, bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va informatsion texnologiyalar sohasida platformalar xavfsizligini himoya qilish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

    Shuningdek, treningda bank va toʻlov tizimlari sohasida kiberxavfsizlikni taʼminlash, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirishni jadallashtirish, antivirus tizimlarining afzalliklari xususida ham maʼlumot berilib, “Soʻnggi nuqtalargacha himoya qilish texnologiyalari”, “Biznes nuqtai nazaridan kiberxavfsizlikka yangicha qarash” kabi mavzularda taqdimotlar oʻtkazildi.

    Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va “Trend micro” oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat bank va toʻlov tizimlari sohasida kiberhujumlarga qarshi kurashish va tashkilotlarning axborot xavfsizligi darajasini oshirish masalalari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni tashkil etishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.