Unda ishtirokchilar toʻlov tizimlari, moliyaviy texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohalari boʻyicha dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda tajriba almashish imkoniga ega boʻldi.
Oʻzbekiston Markaziy banki xodimlari uchrashuv doirasida “Suptech va Regtech” mavzusida taqdimot oʻtkazdi. Taqdimot davomida nazorat va tartibga solish tizimlarining samaradorligini oshirishda ilgʻor texnologiyalardan foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, vakillarimiz “Kiberxavfsizlikning ahamiyati” mavzusida maʼruza qildi. Unda raqamli tahdidlar kuchayib borayotgan bir sharoitda kiberxavfsizlikni taʼminlash maʼlumotlar va axborot tizimlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi koʻrsatib oʻtildi.
Tadbirda Ozarbayjon toʻlov sanoatidagi soʻnggi tendensiyalar, Qozogʻiston misolida Open API va Open Bankingni joriy etish, Qirgʻiziston Respublikasi toʻlov tizimini raqamlashtirish hamda Markaziy banklarda raqamli valyutalarni (CBDCs) rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, ishtirokchilar FinTech larni huquqiy tartibga solish hamda Ozarbayjonda ochiq banking joriy etilishini koʻrib chiqdi.
Bundan tashqari, Markaziy banklar oʻrtasida kiberxavfsizlik boʻyicha maʼlumot almashish, ichki karta infratuzilmasini markazlashtirish, tezkor toʻlov tizimlari hamda masofaviy va transchegaraviy identifikatsiya tizimlarini integratsiya qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar faoliyatini tartibga solishning oʻziga xos jihatlari muhokama etildi.
Mazkur tadbir mintaqada zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish uchun hamkorlik va tajriba almashishni mustahkamlash boʻyicha muhim platformaga aylandi. Tadbir ishtirokchilari toʻlov tizimlarini rivojlantirish va integratsiya qilish boʻyicha qoʻshma strategiyalarni ishlab chiqdi hamda hamkorlikni davom ettirish va markaziy banklar oʻrtasida maʼlumot almashish boʻyicha kelishuvlar tuzdi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.