Biror sohaga oid yangiliklarni yoritish, holatlarni oʻrganib, tahlil etish jurnalistdan oʻsha sohani tushunish, bilim va malakaga ega boʻlish zarur. Bu esa jurnalistlarning ixtisoslashuvini taqozo etmoqda. Axborot koʻlami kengayib, jamoatchilikni oʻz vaqtida zarur axborotlar bilan taʼminlash, turli asossiz xabar, mish-mish va bir yoqlama talqinlarning oldini olish uchun voqelikni professional va xolis tahlil etadigan, operativ tarzda yoritadigan jurnalistlarga talab ortib bormoqda.

Seminar-trening mashgʻulotlari iqtisodiy yoʻnalishdagi, xususan, bank tizimidagi axborotlarni aholiga yangicha yondashuv asosida yetkazish, axborotni xolis va shaffof yoritish, jurnalist va blogerlarda fakt va dalillar bilan ishlash koʻnikmalarini oshirishga qaratildi. Unda Markaziy bankning masʼul rahbar xodimlari va malakali iqtisodchilar mahalliy va jahon tajribasiga oid taqdimotlar orqali bugungi kunda bank siyosatini yoritishning ahamiyati, jamoatchilik uchun muhim maʼlumotlarni saralash va yoritish, bank tizimidagi muhim mavzular boʻyicha tushunchalar berishdi.

Xususan, seminar ishtirokchilariga pul-kredit siyosati va bank tizimi sohasida institutsional oʻzgarishlar, inflyatsion targetlash rejimining joriy etilishi, kreditlash mexanizmlari va xususiyatlari, toʻlov tizimlari va raqamli iqtisodiyot, tijorat banklarining xalqaro moliya institutlari koʻmagida transformatsiya qilinishi va boshqa dolzarb mavzularda maʼlumotlar berildi.

Erkin va ochiq munozara asosida tashkil etilgan seminarda jurnalistlarning qiziqish va mahoratini oshirish maqsadida intellektual oʻyinlar va qiziqarli viktorinalar ham tashkil etildi.

Shu bilan birga, iqtisod va bank sohasini faol yoritib kelayotgan, oʻz kanalida koʻplab oʻquvchilarga ega nomdor jurnalist va blogerlar oʻzlarining ijodiy mezonlari bilan oʻrtoqlashdilar. Ular iqtisodiy mavzularda material yozish, axborotlarni saralash koʻnikmalari haqida maʼlumot berishdi, taʼsirchan va tezkor axborot hamda tahliliy maqolalar tayyorlash borasidagi tajribalarini soʻzlab berishdi.