Hisobotda qayd etilganidek, Markaziy bank tomonidan 2021-yilda asosiy eʼtibor pul-kredit siyosati instrumentlarini inflyatsiyani oraliq prognoz koʻrsatkichlariga erishish maqsadlariga yoʻnaltirish hamda bank tizimidagi xatarlarni oldindan aniqlash va ularni yumshatish choralarini koʻrib borish orqali mamlakatda makroiqtisodiy hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.

Xususan, inflyatsiya darajasining yil yakuniga qadar 10 foizlik prognoz koʻrsatkichiga erishish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi hisobot yili davomida yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolingan.

Pul-kredit sohasidagi chora-tadbirlar inflyatsiya darajasini 2020-yildagi 11,1 foizdan 10 foizgacha pasayishiga olib kelgan.

Qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 166,7 trillion soʻm yoki 2020-yilga nisbatan 1,3 barobarga koʻp kreditlar yoʻnaltirilgan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida esa soʻnggi 4 yilda jami 24,3 trillion soʻmdan koʻp imtiyozli kreditlar ajratilgan va bu orqali 983 mingdan ziyod oilalar tadbirkorligi yoʻlga qoʻyildi. Respublika boʻyicha oʻrta hisobda har ming xonadonning 110 tasi ushbu dasturlar doirasida oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan narxlar barqarorligini taʼminlashda pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish va takomillashtirish hamda bank tizimi barqarorligini va toʻlovlar uzluksizligini taʼminlash borasida ayrim kamchiliklar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Kredit portfeli tarkibidagi muammoli kreditlarning banklar moliyaviy barqarorligiga boʻlgan salbiy taʼsirining oldini olish borasida banklar va hukumat tomonidan chora-tadbirlar koʻrib borildi. Biroq muammoli kreditlar ulushi 2021-yil yakunida 5,2 foizgacha oshgan.

Tahlillar Markaziy bankning tijorat banklar faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish ishlari kuchaytirilishi lozimligini koʻrsatmoqda.

Tijorat banklari hamda ularning hududiy tuzilmalarining ochiq va shaffof faoliyat yuritishini taʼminlash, ularda korrupsion xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda.

Senat aʼzolari tomonidan banklar tomonidan kredit ajratish jarayonlarida ayrim korrupsiyaviy holatlarning mavjudligi iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga salbiy taʼsir qilishiga olib kelishi mumkinligiga eʼtibor qaratildi.

Bank tizimida mablagʻlarni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini koʻrsatish, kredit ajratishdagi suiisteʼmolchilik holatlari, ayniqsa, aholini qoʻllab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga moʻljallangan byudjet mablagʻlari maqsadsiz sarflanishi holatlari mavjud.

Muhokamalar yakunida 2021-yilda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining aksariyatida imtiyozli kreditlarni olishda yoki kreditlar ajratilishida aholi va tadbirkorlar duch kelgan muammolar yuzasidan tavsiyalar belgilandi.

Ushbu masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.