Mazkur nufuzli musobaqa sablya yoʻnalishidagi jamoaviy bahslar bilan oʻz nihoyasiga yetdi.
Chempionat yuqori saviyada tashkil etilgan boʻlib, unda ishtirok etgan yosh sportchilar oʻzlarining jismoniy va texnik tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi hamda gʻalabaga boʻlgan intilishi bilan ajralib turdilar. Bellashuvlar keskin va raqobatbardosh tarzda oʻtib, hududlar oʻrtasidagi sport raqobatining yuksak darajada ekanini namoyon etdi.
Oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi jamoaviy bahslarda Toshkent 1 jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Jamoa tarkibida Azimov Davron, Akramjonov Zafarbek, Niyezov Muhammadrizo va Usmonov Aslanbek munosib ishtirok etdi. Qoraqalpogʻiston 3 jamoasi ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, uchinchi oʻrinlar Qoraqalpogʻiston 1 hamda Qozogʻiston 1 jamoalari qoʻlga kiritdi.
Qiz bolalar jamoalari oʻrtasidagi jamoaviy bahslarda esa Toshkent 2 jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, chempionat gʻolibi boʻldi. Jamoa safida Abdujabarova Soliha, Abdunabiyeva Sabina, Makarova Sofiya va Mirzayeva Lola ishtirok etdi. Qoraqalpogʻiston 2 jamoasi ikkinchi oʻrinni egalladi. Uchinchi oʻrinlar Qoraqalpogʻiston 3 hamda Toshkent 3 jamoalariga nasib etdi.
Ushbu chempionat yosh qilichbozlarning mahorati va salohiyati yil sayin oshib borayotganini, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi sogʻlom raqobat yuqori saviyada kechayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bunday musobaqalar yosh sportchilarni kelgusidagi xalqaro musobaqalarga tayyorlash, ularning tajribasini boyitish hamda sport mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo chempionati yosh qilichbozlar uchun muhim sport tadbiri sifatida yuqori darajada oʻtkazildi. Sportchilarimizga kelgusidagi musobaqalarda ham muvaffaqiyat, yuqori natijalar va yangi gʻalabalar tilaymiz.
Zulxumor Akbarova








