Markaziy Osiyo mamlakatlarida kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining mintaqaviy ofisi (CDC), Xalqaro migratsiya tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, DXX chegara qoʻshinlari, IIV fuqarolik va migratsiya bosh boshqarmasi, Transport vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda “COVID-19 pandemiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarga javoban Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston chegaralarida sogʻliqni saqlash masalalarida boshqaruvni kuchaytirish” loyihasi maqsad va vazifalari, loyihani hamkor tuzilmalar bilan amalga oshirishda koʻmaklashish va kelgusida hamkorlikni rivojlantirish uchun multisektorial guruh yaratish, Oʻzbekiston chegarasidan kirib kelish punktlarida ehtiyojlarni baholash vositalari va ularni moslashtirish masalalari muhokama qilindi, deya xabar qiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati.

Shuningdek, COVID-19 pandemiyasi, uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazgan zarari, kelgusida amalga oshirish mumkin boʻlgan loyihalar va ularning istiqbollari haqida soʻz yuritildi. Loyiha doirasida ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan “Yoʻl xaritasi”ning dastalbki koʻrinishi namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari seksiyalarga boʻlinib, “Yoʻl xaritasi”ga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha taklif ishlab chiqdi.