Forumda mintaqa mamlakatlaridan 100 dan ortiq jamoat va siyosiy arboblar, ekspertlar hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari konstruktiv muloqot formatida mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari va vazifalarini muhokama qildi. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishning asosiy yoʼnalishlarida ekspertlarning yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilganidek, soʼnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʼzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy tendentsiya yuzaga kelmoqda. Bu birgalikda erishilayotgan katta yutuq, barcha mintaqa mamlakatlarining hissasi. Bugungacha xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanish boʼyicha mintaqa ichidagi oʼtkir muammolar tizimli ravishda hal etilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʼrtta maslahat uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Raqamlarga murojaat qilsak: 2016-yildan 2021-yilgacha Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 54 foizga oshib, 167 mlrd dollarni tashkil etdi. Mintaqalararo tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga oʼsdi. Qoʼshma korxonalar soni 5 barobarga oshdi.
Keng koʼlamli oʼzgarishlar va mintaqa taraqqiyoti sharoitida, umuman oʼtish davrida turli masalalar boʼyicha ekspertlar tahlili zarur. Integratsiya va yaqinlashuv jarayonlari yangi kun tartibini shakllantiradi, yangi masalalarni oʼrtaga tashlaydi.
Hukumatlar, parlamentlar va boshqa tuzilmalar tomonidan muayyan tarmoqni, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʼyicha uzoq muddatli strategiya va kontseptsiyalarni ishlab chiqishda mutaxassislar koʼmagi talab etiladi. Bunda Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari” salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Forumda milliy va xorijiy ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlash, hamkorlikning yangi yoʼnalishlarini belgilash, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda tahliliy-tadqiqot markazlarining ishtirokini koʼrib chiqdi.
Mintaqadagi nodavlat ekspertlar bahosiga ortib borayotgan ehtiyojni qondirish maqsadida Forum ishtirokchilari “Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alьyansi” platformasida ekspertlar tarmogʼini yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
Tarmoqning oʼziga xosligi Markaziy Osiyodagi asosiy jarayonlarni umummintaqaviy darajada oʼrganish boʼladi. Doimiy faoliyat yurituvchi mustaqil ekspertlar platformasining tashkil etilishi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ishonchli, konstruktiv va ochiq muloqot formatida muhokama qilish, Markaziy Osiyodagi umumiy muammolarni hal etish imkonini beradi.
Tadbir yakunida mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish gʼoyalarini ilgari suruvchi Markaziy Osiyo ekspert-tahlilchilari tarmogʼini tuzish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.
Bahor XIDIROVА,
"Yangi Oʼzbekiston" muxbiri