Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan ilk kunlaridanoq tashqi siyosat sohasida barcha davlatlar bilan doʻstlik va strategik sheriklik aloqalarini kengaytirish boʻyicha muhim prinsipial pozitsiyani belgilab berdi va shu yoʻnalishda qisqa muddatda muhim natijalarga erishilmoqda. Bugun bu boradagi oʻzgarishlar xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotgani quvonarlidir. Ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarda erishilgan ulkan natijalar bunga yorqin misodir.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida qoʻshni mamlakatlar oʻrtasida koʻp asrlik doʻstlik va oʻzaro ishonch muhiti mustahkamlandi, koʻp qirrali hamkorlik aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosiy strategiyasi, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qoʻshma saʼy-harakatlari tufayli uzoq yillar mobaynida oʻzaro aloqalarda yechimini kutayotgan, mintaqaviy tashabbuslar va loyihalarni amalga oshirishda toʻsiq boʻlayotgan muammolar hal etilmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Xususan, davlat chegarasi, fuqarolarning oʻzaro bordi-keldilarini tashkil etish va boshqa qator masalalarda maqbul yechimlarga erishildi. Transport, temir yoʻl va havo yoʻllari boʻyicha qatnovlar qayta tiklandi, yangidan-yangi transport yoʻlaklari ishga tushirildi. Suv resurslaridan foydalanish borasida yuqori samaradorlikka erishildi, shuningdek, yangi gidrotexnik inshootlarni qurish loyihalari boʻyicha samarali ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Kundan kunga rivojlanayotgan qardoshlik aloqalarimiz global pandemiya tufayli yuzga kelgan murakkab sharoitda yana bir karra sinovdan oʻtdi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻzaro hamjihatlik asosida bir-birlariga muntazam insonparvarlik koʻmagi koʻrsatmoqda. Savdo-iqtisodiy koʻrsatkichlarning yildan yilga ortib borayotgani oʻzaro aloqalarning jadal surʼatlarda rivojlanayotganidan dalolat. Jumladan, 2016-2020-yillar oraligʻida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshib, jami 5 milliard dollarni tashkil etdi. 2016-yildan buyon roʻyxatdan oʻtgan qoʻshma korxonalar soni 5 barobardan oshib, 1600 taga yetdi. Tashqi investitsiyaviy hamkorlik aloqalari faollashishi natijada qoʻshma investitsiya kompaniyalari barpo etilmoqda.
Yana bir muhim jihati shuki, savdo-sotiq, sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida muhim hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasidagi oʻzaro aloqalarning turli formatlari yaratildi. Qoʻshma biznes forumlar, sanoat koʻrgazmalari va yarmarkalarni oʻtkazish yaxshi anʼana tusini oldi. Davlatimizning xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasida hamkorlik aloqalari kengaygani yanada quvonarlidir.
Zero, bir necha yil avval Markaziy Osiyo davlatlarining BMT, MDH, SHHT, IHT, Turkiy kengash va boshqa qator xalqaro platformalarda umumiy pozitsiyada harakat qilishini tasavvur etish ham imkonsizdek edi goʻyo. Ayni paytda esa mintaqadagi ijobiy oʻzgarishlar va tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda. Shu oʻrinda BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish va Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyalari qabul qilinishi fikrimizning yorqin dalilidir. Buning mantiqiy davomi sifatida “xalq diplomatiyasi”ga alohida eʼtibor qaratilib, ilm-fan, taʼlim, turizm, madaniyat va sport sohasida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu esa qardosh xalqlarimiz oʻrtasida tarixan bir-biriga yaqin madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.
2017-yilda davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusi ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbus hamkor davlatlarimiz tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Bu esa Markaziy Osiyo taraqqiyotidagi dolzarb masalalarga, shuningdek, tashqi muammolar, tahdidlar va xavf-xatarlarga nisbatan umumiy yondashuvlar ishlab chiqilishiga hissa qoʻshdi.
Shu yil 5-6-avgust kunlari Avazada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qilindi. Bu koʻp qirrali mintaqaviy sheriklikni yanada kengaytirish boʻyicha yaqin hamkorlikni davom ettirish borasidagi qatʼiy qarashlarimizning amaliy tasdigʻidir. Bu ishlar, avvalo, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport kommunikatsiyasi, energetika sohasida hamkorlikni mustahkamlash, mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Faqat birgalikda, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, yuzaga keladigan muammolarni samarali hal qilishga, mintaqaning barqaror taraqqiyotini taʼminlashga va xalqlarimiz farovonligini oshirishga erishishimiz mumkin. Buning boshqa hech qanday muqobili yoʻq!”.
Yangicha siyosiy muhitni shakllantirish, oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlashni mustahkamlash, istiqbolli dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda, hech shubhasiz, Oʻzbekiston rahbari tomonidan belgilab berilgan, puxta oʻylangan va uzoqni koʻra oladigan yangi tashqi siyosat strategiyasining ahamiyati beqiyos. Shu nuqtayi nazardan bir yil muqaddam Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo xalqaro institutining tashkil etilishi tom maʼnoda yurtimizda ilmiy-amaliy tadqiqotlarga asoslangan, izchil, tizimli tashqi siyosat yuritilayotganidan dalolat.
Bu kabi ishlarning muvaffaqiyati, shubhasiz, mamlakatning iqtisodiy, moliyaviy, innovatsion, texnologik va inson salohiyati oʻsishi, izchil amalga oshirilayotgan keng islohotlar samarasidir.
Anvar NOSIROV,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori