Bugun Oʻzbekistonda siyosiy-iqtisodiy jabhalar bilan birga, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda ham tub ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Bu jarayonda jahon ilm-fan rivojiga betimsol hissa qoʻshgan alloma bobolarimiz hayoti, ibratli faoliyati, tarixiy merosini keng va atroflicha oʻrganish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Forum ishtirokchilariga Oʻzbekiston Prezidentining yoʻllagan maktubini Bosh vazir oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov oʻqib eshittirdi.
Tinchlikparvar islom dini bilan bogʻliq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida keng va yaxlit tasavvur uygʻotish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish yoʻnalishida keng xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish masalasi mamlakatimiz yetakchisi tomonidan hayotga joriy etilayotgan ezgu saʼy-harakatlar, elparvar, maʼrifatparvar tashabbuslarda doim ustuvor ahamiyat kasb etgan.
Shu bilan birga, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik gʻoyalar, milliy gʻurur va iftixor ruhida tarbiyalash masalasi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda.
Maʼlumki, azaldan Markaziy Osiyo bashariyat sivilizatsiyasining muhim va uzviy qismlaridan biri sanalgan. Ilm-maʼrifatning beshigi sanalgan tabarruk zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk zotlar, benazir sarkarda bobolarimiz, allomalar insoniyatni ezgulikka, poklik va bunyodkorlik sari undovchi gʻoyalari qadimiy davlatchilik jamiyatining asosi sanalgan.
Bugungi ilm-fanga, taraqqiyotga asos boʻlgan ulugʻ mutafakkir ajdodlarimizning merosi tubsiz ummonga oʻxshaydi. U hali hamon insoniyatning katta qiziqishi, ishtiyoqi, eʼtibori, yuksak ehtiromiga sazovor boʻlib kelayotgani jahon akademik doiralarning mamlakatimiz ilmiy-maʼrifiy salohiyatiga boʻlgan qiziqishida oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.
YUNESKO shafeligida oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro forum ishida dunyoning koʻplab davlatlaridan kelgan olimlar, ekspertlar, sharqshunos va manbashunoslar, tarixchilar ishtirok etmoqda.