Markaziy Osiyo madaniyat vazirlari “Markaziy Osiyo madaniy brendi”ni yaratishni muhokama etdi

    Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining ilk uchrashuvida mintaqaviy madaniy hamkorlikni rivojlantirish va umumiy madaniy brend yaratish masalalari muhokama qilindi.

    Joriy yilning 13-noyabr kuni poytaxt Toshkentning Islom sivilizatsiyasi markazida boshlangan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress ish oʻz ishini 14-noyabr kuni “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining ilk uchrashuvi bilan davom ettirdi.

    Mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Qirgʻiz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matluba Sattoriyon, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov va faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli ishtirok etishdi.

    Majlis qamrovi va darajasi jihatida ilk bora oʻtkazildi. Majlisda koʻp tomonlama hamkorlikning turli masalalari koʻrib chiqilishi, madaniyat va sanʼatning turli yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv kun tartibidan quyidagi masalalar oʻrin oldi:

    1. Mintaqaviy madaniy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari;

    2. Mintaqadagi madaniyat arboblari oʻrtasida madaniy almashinuvni kengaytirish;

    3. Markaziy Osiyo uchun madaniy brendni rivojlantirish.

    Markaziy Osiyo davlatlari madaniyat vazirlari Toshkentda mintaqaviy madaniy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishdi. Vazirlar Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi tarixiy, madaniy va maʼnaviy yaqinlik mintaqaviy birdamlikni mustahkamlovchi muhim omil ekanini taʼkidladilar.

    Tomonlar 2022-yilda imzolangan “1-asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yoʻlida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma” tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

    Uchrashuv davomida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, xalqlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va bagʻrikenglikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada tinchlik va oʻzaro tushunishni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi. Tomonlar sanʼat, adabiyot, kino, teatr va musiqa sohalarida qoʻshma tadbir va festivallarni oʻtkazishni qoʻllab-quvvatladi.

    Madaniy merosni oʻrganish, tiklash va raqamlashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni kengaytirish, yosh ijodkorlar oʻrtasidagi almashinuv dasturlarini rivojlantirish, seminarlar, konferensiyalar va yozgi maktablarni tashkil etish masalalari boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, madaniyat va sanʼat yoʻnalishida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish borasida hamkorlikni kuchaytirish niyati bildirildi. Tomonlar “Markaziy Osiyo madaniy brendi”ni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tuzish imkoniyatini koʻrib chiqishga rozilik bildirdilar.

    Keyingi vazirlar uchrashuvining sanasi va joyi belgilanishi maʼlum qilindi.

    Uchrashuv yakunida, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlari oʻrtasida hamkorlik yuzasidan teng kuchga ega besh nusxada bayonnoma imzolandi.

    Shuningdek, kunning kechki qismida madaniyat vazirlari poytaxtdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Qozogʻiston Respublikasining teatr vakillari tomonidan sahnalashtirilgan va ijro etilgan “Xon Sulton. Oltin Oʻrda” spektaklining namoyishida ishtirok etishdi.

    Eslatib oʻtamiz, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlarining ushbu formatdagi uchrashuvi ilk marotaba oʻtkazildi.