Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol rahbarlari muloqoti doirasida submintaqaviy maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi

    Voqea-hodisalar 24 Fevral 2021 1039

    2021-yil 23-fevral kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol rahbarlari muloqoti doirasida videokonferensaloqa tarzida submintaqaviy maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Maslahatlashuvlar ochilishida BMT Bosh kotibi yordamchisi, “BMT- ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori oʻrinbosari A.Regner, BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori M.S.Egger va BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi rahbari N.German videomuloqot orqali soʻzga chiqdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva olib borgan ushbu uchrashuvda Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Majlisi raisi oʻrinbosari B.Kesebayeva, Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi Toʻragʻasi oʻrinbosari A. Kasыmaliyeva, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha qoʻmita raisi X.Kurbonzoda, Turkmaniston Mejlisining Ijtimoiy siyosat boʻyicha qoʻmitasi raisi oʻrinbosari G.Berkeliyeva, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha “BMT-ayollar” tuzilmasi mintaqaviy direktori A.Al-Yosir, BMTning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori X.Freyzer va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy vakili M.Dimovska va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, gender masalalar boʻyicha ekspertlar ishtirok etdi.

    Maslahatlashuvlar davomida ishtirokchilar BMTning xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasi 65-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrishning tashkiliy jihatlari va mazmun-mohiyati toʻgʻrisida fikr almashdilar.

    Tadbirda, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotida va davlat boshqaruvidagi faolligini ragʻbatlantirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Oʻz navbatida, Muloqot aʼzolari Oʻzbekistonni BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabrikladilar.

    Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, shu jumladan, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha milliy va mintaqaviy darajalardagi saʼy-harakatlari yuqori baholandi.

    A.Al-Yosirning taklifi bilan BMTning xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasi (XHK) ishida Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir guruhda ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuvda ishtirokchilar 2021-yilgi Muloqot Konsepsiyasi va Harakatlar rejasini muvofiqlashtirish masalalarini ham koʻrib chiqdilar.

    Shuningdek, maslahatlashuvlar yakunlari boʻyicha Muloqot aʼzolari 2021-yilgi Harakat rejasida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati