Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari aʼzolari va TIV vakillarining iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha oltinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 23 Aprel 2022 986

    2022-yil 18-19-aprel kunlari Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B.Alixonov boshchiligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi Nursulton shahrida (Qozogʻiston) Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklari va parlament vakillarining iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha oltinchi uchrashuvida ishtirok etdi.

    Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari va tashqi ishlar vazirliklari, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasi, shuningdek, donor hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

    Uchrashuv doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Qozogʻistonning iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij kelishuvi doirasida milliy qonunchiligini takomillashtirish borasida erishgan yutuqlari muhokama qilindi.

    Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, shu jumladan, ekologiya kun tartibi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan xabardor etildi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston ekologik kodeksi loyihasini ishlab chiqish va ekotizimni barqarorlashtirishga qaratilgan ilgʻor innovatsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ishtirokchilar mintaqa mamlakatlarining iqlim oʻzgarishi oqibatlari oldida zaifligini kamaytirishga yordam beradigan suvdan foydalanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligiga eʼtibor qaratdilar.

    Oliy Majlis Senatining
    Axborot xizmati